
Great Wall Motors kompaniyasi o‘zining mashhur Haval, Tank va Wey brendlari uchun uzoq masofali elektromobil (EREV) texnologiyasini rivojlantirishni rejalashtirmayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda kompaniya prezidenti Mu Feng 2025-yil aprel oyida bo‘lib o‘tgan Wey modelining taqdimotida e’lon qildi.
Kompaniya asoschisi va rahbari Vey Tszyanjun ham ushbu qarorni tasdiqlab, kompaniya barcha kuch uzatish tizimlarini boshqa gibrid texnologiyaga asoslashini ta’kidladi.
EREV texnologiyasi elektr motor orqali g‘ildiraklarni harakatga keltirishga asoslanadi. Bu tizimda benzinli dvigatel faqat generator vazifasini bajaradi va g‘ildiraklarga bevosita quvvat uzatmaydi. Gibrid tizim esa elektr motor yoki ichki yonuv dvigateli yordamida g‘ildiraklarni harakatlantirishi mumkin.
Vey Tszyanjunning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya yoqilg‘i samaradorligini oshirishni ustuvor maqsad qilib qo‘ygan.
«Bir litr yoqilg‘ining hatto o‘ndan bir qismini tejash imkonini beradigan 1% yaxshilanish ham biz uchun katta yutuqdir», – deya ta’kidladi u.
Shu sababli mazkur kompaniya EREV texnologiyasi kompaniya strategiyasiga mos kelmasligini ma’lum qildi va to‘liq gibrid tizimlarga e’tibor qaratishga qaror qildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xitoyda Haval avtomobillari uchun katta chegirmalar e’lon qilingani haqida xabar bergan edi.