
Netflix kompaniyasi mashhur koreys seriali «Kalmar o‘yini»ning uchinchi mavsumi uchun rasmiy tizerni chiqardi. Bu haqda Kursiv Media xabar bermoqda.
Nashrning bildirishicha, tomoshabinlar ikkinchi mavsumni bir necha yil kutgan. Uchinchi mavsum esa atigi yarim yildan so‘ng, ya’ni shu yilning 27-iyunida premyera qilinadi.
Ijtimoiy tarmoqlarda serialning davomiga oid uzoq kutilgan tizer paydo bo‘ldi. Netflix’ning ta’rifiga ko‘ra, «Kalmar o‘yini hech kim uchun tugamagan», shu sababdan Son Gi Xun eng chuqur tushkunlik holatida muhim tanlov qilishiga to‘g‘ri keladi.
U va omon qolgan boshqa o‘yinchilar yanada xavfli, halokatli o‘yinlarga tortiladi. Har bir bosqichda ularning qarorlari tobora jiddiy oqibatlarga olib keladi.
Yangi tizer esa javoblardan ko‘ra ko‘proq savollarni tug‘diradi. Videoda o‘yinchilarning xonasiga tobut olib kirilayotgan kadr bilan boshlanib, yig‘layotgan bola sahnasi bilan yakunlanadi.
Ehtimol, uchinchi mavsumda nihoyat asosiy sirlar fosh bo‘lib, tomoshabinlarning taxminlari tasdiqlanadimi-yo‘qmi, ma’lum bo‘ladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Jeki Chan ishtirokida «Kichkina Ajdarho» filmining davomi suratga olinishi haqida yozgandi.