Lifestyle

O‘zbekistonda to‘ylar: kim qancha sarflaydi, kim foyda ko‘radi

To‘y taraddudi an’analar va zamonaviy hayot o‘rtasidagi bog‘liqlikni namoyon etadi
Cheklovlarga qaramasdan Oʻzbekistonda tuylarga taraddud avjida/ Foto: Roman Fedotov/Kursiv Uzbekistan

Hozirda Oʻzbekistonda toʻylar mavsumi boshlangan payt. Katta-katta ziyofat zallari oldindan band qilingan, vizajist, suratkash va operatorlarning qoʻli qoʻliga tegmaydi.  Albatta, bu kattagina xarajat degani. Ammo kimoʻzarga toʻy qilishni oʻziga «oliy» maqsad deb biladiganlar kredit olib boʻlsa ham dabdabali toʻy qilishdan oʻzini tiyolmaydi. Joriy yilning 21-aprel kuni e’lon qilingan prezident farmoni bilan Oʻzbekistonda toʻy, dafn marosimlari va boshqa oilaviy tadbirlarni ixchamlashtirish borasida yangi qoidalar joriy etilishi kutilmoqda.

Ushbu qoidalar ortiqcha isrofgarchilikka qarshi kurash va yoshlar oʻrtasida tejamkorlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan.

Kursiv Uzbekistan hozirgi kunda Oʻzbekistonda toʻy qilish qanchaga tushayotgani, bu orqali kimlar daromad topishi,  toʻy marosimlari qanday tashkil etilayotganini oʻrgandi. Bu borada mutaxassislar ham oʻz fikrlarini bildirdi.

Toʻy nimadan boshlanadi?

Ma’lumotlarga ko‘ra, har yili Toshkentda 20 mingdan ortiq nikohlar qayd etiladi. 2023-yilda  ularning soni 22 352 tani tashkil qilgan bo‘lsa, 2024-yilda 22 755 taga yetgan. Iqtisodiy qiyinchiliklarga qaramay, to‘ylar hanuzgacha ortiqcha dabdaba va hashamat bilan o‘tkazilmoqda. Chunki ushbu kun hayotdagi eng muhim va yodda qolarli bo‘lishi kerak-da!

Toʻyni tashkil qilishdagi asosiy jarayon budjetni toʻgʻri rejalashtirishdir. Oʻzbek oilalarida bu masala bilan ham kuyov, ham kelinning ota-onalari shugʻullanishadi. Va albatta, soʻnggi qarorni koʻpincha kattalar qabul qiladi. Biroq zamonaviylashgan oilalarda yoshlar ham oʻz fikrini bildirish imkoniyatiga ega.

Shuningdek, toʻylarni yaqin qarindoshlarning aralashuvisiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Bunday paytda oilaning obro‘yini oshirish muhim. Chunki mashhur oʻzbek filmida aytilganidek: «mahallada duv-duv gap boʻlsin», toʻy «toʻydek» boʻlsin, hammaning ogʻzida boʻlsin».

Keyingi qadam keladigan mehmonlar roʻyxatini tuzish boʻlib, ularning soni toʻy narxiga toʻgʻridan toʻgʻri ta’sir koʻrsatadi. Asosiy qarorlar qabul qilingach toʻyni oʻtkazish uchun mos joy tanlash boshlanadi.

Toshkentda 150 – 200 kishi uchun o‘rtacha to‘y narxi $5 mingdan $10 minggacha boradi. Bu, albatta, tadbir ko‘lami va xohish-istakka ham bog‘liq. Ammo narxga eng katta ta’sir o‘tkazadigan omil bu joy masalasi bo‘lib, u mahalladagi oddiy kafe yoki shahar markazidagi zamonaviy, hashamatli to‘yxona zali ham bo‘lishi mumkin.

Toʻy sanoati parda ortida

Jamshid Toshkentdagi «Turkiston» toʻy restoranida menejer boʻlib ishlaydi. U mavsumning eng qizgʻin pallasini sabrsizlik bilan kutdi. Bu vaqtda daromadlar ancha oshib, «jonsiz» qishki davrdagi yoʻqotishlar qoplanadi. Nahor oshi va kechki bazmlarga buyurtmalar iyun oyigacha qabul qilingan boʻlib, uning ish jadvali allaqachon yozgacha toʻlgan.

To‘y mavsumida banket narxi restoranning joylashuvi va darajasiga qarab belgilanadi.

«Oʻrtacha hisobda bir kishi uchun $30 – $50 atrofida boʻladi. Demak, 200 kishilik toʻy $6 $10 mingga tushadi», deydi menejer.

Jamshid toʻy sanoatida 10 yildan beri ishlaydi va bu sohani miridan sirigacha yaxshi biladi. U oʻz daromadini shunday baholaydi:

«To‘y bo‘lmagan, oddiy kunlarda menga $20 to‘lashadi, to‘y kunlari esa $40 dan olaman. Oylik daromadim taxminan $600 – $1200 atrofida bo‘ladi», deydi u.

Uning aytishicha, oʻtgan yili restoranda oʻrtacha 230-240 ta toʻy oʻtkazilgan.

Tamada — bayram muhiti yaratuvchisi

Toʻydagi eng muhim shaxslardan biri, bu – tamada (suxandon) yoki boshlovchi hisoblanadi. Uning gonorari taniqliliga qarab, bir kecha uchun $200 dan $700 gacha boʻlishi mumkin. Mavsum avj olgan paytlarda ushbu soʻz ustalari haftasiga 3-4 ta toʻyni olib borishadi. Ba’zida esa toʻylar kuniga faqat ikkita: kunduzi va kechqurun boʻlishi ham mumkin.

Ammo ba’zi «yulduz» tamadalarning narxi $1000 dan boshlanadi.

«Agar bu mashhur shoumen Davron Qobulov boʻlsa, toʻy egasi $1000 yoki $1500  toʻlashiga toʻgʻri keladi. Yana bir tomoni, Davron oʻrta darajadagi restoranga rozi boʻlmasligi ham mumkin», – deydi Jamshid.

Boshlovchilik jarayoni kuchli fidoyilikni talab qiladi, ya’ni 2 – 4 soat davomida hatto nafas rostlashga ham vaqt topilmaydi. Xarizma, sahna mahorati va milliy urf-odatlarni ham bilishi kerak. Yaxshi tamada yuqori bayram muhitini yaratish uchun she’r oʻqiydi, ba’zida qoʻshiq aytadi, hatto raqsga ham tushadi.

To‘y xarajatlarining alohida qatorini to‘y korteji, fotosessiya va videotasvirga olish ishlari ham tashkil etadi. Bu xarajatlar kuyov va kelinga hamroh boʻladigan avtomobillar soniga bogʻliq boʻlib, xarajatlar taxminan $800 – $1000 atrofida boʻladi.

Timur Ismoilov – professional videograf, u yuzlab toʻylarni tasvirga olgan. Uning aytishicha, pandemiyadan avval toʻylarni tasvirga olish ancha daromadliroq boʻlgan. Oʻsha paytda bitta toʻy xizmati narxi $400 dan boshlangan boʻlsa, COVID-19 bu vaziyatni oʻzgartirgan.

«Mehmonlar soni kamaydi, videografning raqobatchilari koʻpaydi. Hozir bitta toʻy marosimidan $100 – $150 ishlash mumkin, bundan koʻp toʻlashmaydi. Mavsumda haftasiga 3-4 ta toʻyni tasvirga tushiraman», – deydi Timur.

Musiqa — «yog‘li» biznes: san’atkorlar toʻyda qancha pul topadi?

Har bir toʻyda oʻzbek, rus va tojik tillarida qoʻshiqlar yangraydi. Guruh tarkibida, odatda, ikki xonanda va 3-4 nafar sozanda boʻladi. Ular bir kechada kamida $300 – $500 ishlab topishi mumkin.

«Badavlat odamlar toʻyiga oʻzbek estradasi yulduzlarini taklif qilishadi. Odatda, san’atkorlar «bir marta chiqish» shaklida ishtirok etadi, ya’ni beshta qoʻshiq aytib, boshqa toʻylarga ketadi. Masalan, «Yalla» guruhi, Yulduz Usmonova yoki Munisa Rizayeva kabi san’atkorlarning gonorari $1500 – $2500 atrofida bladi. Agar kecha davomida toʻliq xizmat koʻrsatsa, bu narx $8000 dan $10000 gacha yetishi mumkin», – deydi restoran menejeri Jamshid.

Sahna bezatuvchilari va floristlar – bazmning ajralmas qismi. Ular kamida $200, toʻliq xizmati uchun esa $500 atrofida haq olishadi. Ularning ishi odatda toʻydan bir kun oldin, tungi paytda dekoratsiyalarni oʻrnatish, gullarni taqish, matolarni joylashtirishdan boshlanadi. Bu jarayonda ham barchasi mukammal boʻlishi kerak.

To‘y salonlari, ya’ni stilist va vizajistlar ishlaydigan joylar esa tong otmasidan ochiladi. Bitta kelinchak uchun xizmat narxi $50 dan $200 gacha borishi mumkin. Ularning ish tartibi juda zich boʻlib, ertalab bir mijozni qabul qilsa, kechqurun ikkinchisini toʻyga tayyorlashi kerak.

Oʻzbek toʻylari juda dabdabali, ammo xarajatlarni qisqartirish mumkin — bu insonning oʻziga bogʻliq

Bu borada ham professional tamada Uchqun Tursunov oʻz fikrini bildirdi. U toʻy sanoatining ichki mexanizmlarini yaxshi biladi. Shuningdek, bir nechta tavsiyalarni ham keltirib oʻtdi.

«Uchta taom nega kerak, agar ikkisi yetarli boʻlsa? Uchinchisiga muzqaymoq qoʻysak boʻlmaydimi?» – deya sifatga ziyon yetkazmasdan tejashga misol keltiradi u.

Tursunovning aytishicha, eng katta xarajat san’atkorlarga ketadi:

«$10 minglik yulduzni taklif qilmang. Shu pulga 5-6 nafar san’atkor chaqirsa boʻladi, dastur ham mazmunliroq oʻtadi».

Shuningdek, u to‘yga oid barcha jihatlar shartnomada ko‘zda tutilishi zarurligini ta’kidlaydi:

«Yorugʻlik, chiroq, musiqa – bular alohida hisob-kitob qilinmasdan ijara narxiga kirishi kerak. Va hech qanday restoran reklamachi boʻlmasligi lozim. Barcha e’tibor kuyov-kelinga qaratilsin, bayram markazidagi restoran logotipiga emas».

Shaxsiy tajriba

Kamila Maqsudxonova, 33 yosh:

«Bizning toʻyimiz kichik va juda shinam tarzda oʻtgan. Turmush oʻrtogʻim tomondan qarindoshlarimiz koʻp emasdi, men uchun esa bu ikkinchi nikoh edi. Shuning uchun hech qanday dabdabali marosimlar boʻlmasligiga, faqat yaqinlarimiz bilan jamuljam boʻlishiga kelishdik. Jami budjetimiz taxminan $2000 atrofida boʻldi».

«Restoran oʻrniga shahar chetidagi katta uyni ijaraga oldik va yaqinlarimiz uchun samimiy kecha uyushtirdik. Na suratkash, na videograf boʻldi – faqat bizga aziz insonlar davrasida boʻldik. Kamtarona boʻlishiga qaramay, kechamiz shodon va mazmunli oʻtdi».

«Mening maslahatim – kimningdir fikri bilan emas, oʻz imkoniyatingizdan kelib chiqib toʻy qiling. Hozir qoʻlingizda bor pul va sarflashga tayyor boʻlgan mablagʻingizga tayaning. Bozorni oʻrganish kerak, sababi libosdan to san’atkorgacha narxlar juda farq qiladi. Masalan, toʻy libosini internetda $100 ga topish yoki premium salonlardan $10 mingga olish mumkin. Har doim oʻrtamiyona va aqlli variant topiladi».

«Eng muhimi toʻy qanday tugashi emas, boshlanishidir. Faqat bir kechalik bazm haqida emas, oldindagi yangi oila, birgalikdagi hayot, mas’uliyat, rejalar va farzandlar uchun tayyorgarlik haqida oʻylash kerak. Darhaqiqat, haqiqiy hayot toʻydan keyin boshlanadi».

Azim va Shahnoza, yosh oila

Shahnoza, 25 yosh:

«Biz 2023-yil noyabr oyida turmush qurdik. Toʻyning umumiy byudjeti taxminan $8000 atrofida boʻldi. Bu summaga 200 kishilik nahor oshi, 50 nafar kuyov navkar bazmi va 100 kishilik kechki bazm kirdi. Hammasini ota-onamiz tashkil qildi – eng muhimi, toʻydan keyin qarz boʻlib qolmadik. Soʻng, men va turmush oʻrtogʻim Turkiyaga oʻqishni davom ettirish uchun ketdik, hozir farzand tarbiyasidamiz, muhimi baxtlimiz».

«Mening maslahatim, bu – sizning bayramingiz. Agar qimmat kechani istamasangiz, demak kerakmas. Sizga to‘g‘ri kelmaydigan an’analarga amal qilishga majbur emassiz. Foydali sovg‘alar tanlab, sarmoyangizni esda qoladigan xursand lahzalarga yo‘naltiring».

Azim, 29 yosh:

«Toshkentda uylanish qimmatga tushadi. Boshqalarning fikri yoki qarorlarini kutib vaqt oʻtkazmasdan, qoʻlingizga kalkulyatorni olib hisob-kitobni oʻzingiz qiling. Toʻy xizmati bozorida variantlar koʻp. Eng muhimi, dabdabaga berilib qarzga botmang».

Oʻzbekiston toʻylari: an’analar, daraja va nazorat

Rossiyalik etnolog va tarixchi, Oʻzbekiston tarixi boʻyicha kitoblar muallifi Sergey Abashinning ta’kidlashicha, toʻy marosimlarini davlat tomonidan tartibga solish tashabbusi iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan mantiqiy hisoblanadi. Unga koʻra, bu faqat xarajatlarni cheklash emas, balki ijtimoiy tengsizlik va korrupsiyaga qarshi kurashishga ham asos boʻladi.

«Siyosatdan xoli qaralsa, toʻy va marosimlarga ketgan pul bekorga emas. Etnografiya, antropologiya va sotsiologiya fanlariga koʻra, odamlar bunday xarajatlarni bejiz qilmaydi. Buning zamirida ijtimoiy aloqalarni kuchaytirish hamda kapitalni shakllantirish va saqlashga qaratilgan mantiqiy tizim mavjud», – deydi ekspert.

Falsafa fanlari nomzodi Ravshan Nazarov fikricha, tarixan toʻy – bu urugʻ-aymoq aloqalarini mustahkamlash, ijtimoiy tartibni saqlash va oilaning jamiyatdagi maqomini namoyon qilish vositasi boʻlib xizmat qilgan.

«Hozirgi zamonda toʻy ijtimoiy koʻrsatkichga aylangan. U qanchalik katta va dabdabali boʻlsa, oilaning mahalladagi nufuzi shunchalik yuqori deb baholanadi. Toʻy-ma’raka qanday oʻtishi nafaqat yoshlar, balki ularning qarindosh-urugʻlari va qoʻshnilari uchun ham muhim sanaladi. Bu esa umumiy munosabat va oʻzaro hurmatni mustahkamlaydi», – deb hisoblaydi mutaxassis.

Toʻylar oʻzgaradi, lekin sanoat sha-sha

Toʻy, bu – ikki oila uchun muhim voqea boʻlishidan tashqari, butun bir sohaning barqaror daromad manbai. Ushbu marosimlar ortida oʻnlab insonlar koʻp hollarda rasmiy iqtisodiyotni chetlab boʻlsa-da, bor kuchini berib mehnat qilishadi.

«Mehmonlar soni kamayadimi? Toʻy davomiyligi qisqaradimi? Bu vahimaga berilishga arzimaydi», – deydi restoran menejeri Jamshid. – «Shunchaki oʻrtacha xarajat miqdori yana bir mehmonga ortadi. Industriya zarar koʻrmaydi, daromad tushmaydi».

Tamada Uchqun Tursunov qoʻshimcha qiladi:

«Cheklovlar mohiyatni oʻzgartirmaydi. Odamlar faqat boshqacha usulda bayram qilishadi».