Agar cheklovlar joriy qilinsa, Hindiston va Pokistonga parvozlar qayta ko‘rib chiqiladi – Uzbekistan Airways

Uzbekistan Airways Hindiston va Pokistonga parvozlarni jadval asosida amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati Kursiv Uzbekistan muxbiriga xabar berdi.
«Agar cheklovlar joriy qilinsa yoki havo hududi yopilsa, biz tezkor qarorlar qabul qilamiz», – deya izoh berdi Uzbekistan Airways vakillari vaziyat yuzasidan.
Eslatib o‘tamiz, 7-mayga o‘tar kechasi Hindiston aprel oyida Kashmirdagi teraktga javoban Pokiston hududiga zarba berdi. Yuz bergan voqeada Nyu-Dehli aybni Islomobodga yukladi. Biroq Pokiston bu voqeaga aloqadorligini rad etmoqda.
Hindistonning hujumiga javoban Pokiston qo‘shni davlatga artilleriya zarbasi berdi. 7-may tongi holatga ko‘ra, Hindiston tomonidan uch kishi halok bo‘lgan, Pokiston esa sakkiz qurbon haqida xabar berdi.
Shuningdek, Uzbekistan Airways Pokistondagi parvozlar tarmog‘ini kengaytirayotganini ma’lum qildi. Lahorga muntazam qatnovlar yo‘lga qo‘yilganidan so‘ng 14-iyundan boshlab Toshkent – Islomobod – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha ham muntazam aviaqatnovlar boshlanadi. Parvozlar har shanba kuni amalga oshiriladi.
Toshkentdan parvoz soati 08:50, Islomobodga yetib borish 10:50; qaytishda Islomoboddan jo‘nab ketish 11:50, Toshkentga yetib kelish 13:50 (mahalliy vaqt bilan).
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kashmirdagi urush hudud turizmiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani haqida yozgan edik.