Casio sportchilar uchun G-Shock GBA-950 soatini taqdim etdi

Casio Yaponiyada sport ixlosmandlari uchun mo‘ljallangan yangi G-Shock GBA-950 modelini rasmiy ravishda taqdim etdi. Bu haqda Gizmochina nashri ma’lum qildi.
Soat uchta rangda – qora (GBA-950-1A), binafsha-qora (GBA-950-2A) va oq-kulrang (GBA-950-7A) – mavjud. Har birining narxi 25 300 yen (taxminan $176 ) etib belgilangan.
GBA-950 modeli yugurish va jismoniy faollikni kuzatishga mo‘ljallangan zamonaviy funksiyalar bilan jihozlangan. Pedometr, yugurish masofasi, sur’at, kaloriya hisoboti, intervallar taymeri hamda avtomatik aylanishlarni aniqlovchi tizim mavjud. Masofa haqida aniq ma’lumot olish uchun soat smartfonning GPS tizimiga ulanadi va Bluetooth orqali Casio Watches ilovasi bilan sinxronlanadi. Ilova foydalanuvchi faoliyati tarixini, kunlik maqsadlar va natijalarni ko‘rsatadi.




Foto: Casio / Gizmochina
Soatning halqa shaklidagi displeyi mashg‘ulot intensivligi hamda maqsad bajarilishi foizini besh bosqichli grafik shaklida ifodalaydi. Luminescent ko‘rsatkichlar va indekslar esa qorong‘шda aniq ko‘rinishni ta’minlaydi. Qurilma 20 ATM (200 metr) suvga chidamlik, zarbaga qarshilik, shuningdek, sozlanadigan ikkita LED yoritqich bilan ta’minlangan.
OUTSENSE bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan korpus karbon tolasi va origami ilhomlantirgan katlama texnologiyasiga asoslangan bo‘lib, bilakdagi qulaylikni oshiradi. Qurilmaning o‘lchamlari 48,5 × 43,9 × 16 mm, og‘irligi esa atigi 53 grammni tashkil etadi.
Qo‘shimcha imkoniyatlar qatorida avtomatik vaqt sinxronizatsiyasi, 300 ta shaharga mo‘ljallangan dunyo vaqti, ikkilamchi vaqt mintaqasi, 45 yozuvli xotirali sekundomer, beshta signal va taqvim mavjud. GBA-950 modeli batareya almashtirishsiz ikki yilgacha ishlashga mo‘ljallangan.
Hozircha xalqaro savdoga chiqarilish sanasi ma’lum qilinmagan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Casio uyquni monitoring qiluvchi yangi G-SHOCK modelini taqdim etgani haqida xabar bergan edi.