Hindiston Pokistonga harbiy zarbalar berdi

eʼlon qilindi
Qurbonlar bor
Hindiston Pokistonga harbiy zarbalar berdi / Foto: Dar Yasin / AP

6-may kuni Hindiston Pokiston hududlari hamda Pokiston nazoratidagi Kashmirga zarbalar berdi. Bu haqda BBC News ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, rasmiy Dehli bu hujumlarni Hindistonga qarshi rejalashtirilgan terrorchilik harakatlariga javoban amalga oshirganini bildirdi. Pokiston esa zarbalar tinch aholi yashaydigan joylarga yo‘naltirilganini aytib, 8 kishi halok bo‘lgani, 35 kishi jarohatlangani va 2 kishi bedarak yo‘qolganini ma’lum qildi.

Foto: Murtaz Ali/AFP/Getty Images

Pokiston bosh vaziri Shahbaz Sharif bu harakatga javoban Hindistonga «munosib javob» berilishini ta’kidladi. Har ikki tomon chegarada artilleriya o‘q otishlarini boshlagan, maktablar yopilgan.

Bu orada Hindiston nazoratidagi Kashmirda noma’lum harbiy samolyot halokatga uchradi. Voqea guvohlari samolyot Wuyan qishlog‘iga qulaganini, portlash yuz berganini, baxtga ko‘ra, hech kim jarohatlanmaganini aytmoqda. Samolyot mahalliy maktab binosiga urilgan. Hozircha bu samolyot kimga tegishli ekani rasman aniqlanmagan.

Foto: Asim Tanveer/AP

Pokiston javob tariqasida 5 ta Hindiston harbiy samolyoti va 1 dronni urib tushirganini da’vo qilmoqda, jumladan, Hindistonning zamonaviy Rafale samolyotlari ham bor. Hindiston bu da’volarni hali tasdiqlamadi.

Shu bilan birga, Hindiston harbiy amaliyotini «Operation Sindoor» deb atadi. Bu nom hindu ayollari turmushga chiqqanidan so‘ng peshonasiga suradigan qizil kukunga ishora qiladi.

Ayni vaqtda dunyo davlatlari bu vaziyatdan jiddiy xavotirda. AQSh prezidenti Donald Tramp bu holatni «uyatli» deb atadi va mojaroning tezroq yakunlanishini tiladi. BMT Bosh kotibi Antònio Guterrish esa tomonlarni «nazoratdan chiqishi mumkin bo‘lgan harbiy qarama-qarshilik»dan saqlanishga chaqirdi.

Foto: CNN

Bundan tashqari, xalqaro reyslar Pokiston havo hududini aylanib o‘tmoqda. Tahlilchilarning fikricha, bu voqealar 1971-yildan beri ikki davlat o‘rtasidagi eng jiddiy qarama-qarshilikka aylanmoqda. Vaziyat har qanday vaqtda keng ko‘lamli urushga aylanishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kashmirdagi urush turizmni o‘ldirayotgani haqida yozgan edik.

Shuningdek