Moskvada 10-maygacha internetga cheklovlar kiritiladi – Kreml

Moskvada 10-maygacha mobil internet xizmatlarida cheklovlar bo‘lishi mumkin. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov holatni xavfsizlik bilan bog‘ladi, deya yozmoqda RBK.
Unga ko‘ra, cheklovlar Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan parad tayyorgarliklari munosabati bilan joriy etilmoqda. Shu munosabat bilan Rossiyada favqulodda vaziyatlarning oldini olish tizimi va banklar ham internet va mobil aloqa xizmatlarida vaqtinchalik uzilishlar, to‘lov tizimlarida esa nosozliklar yuzaga kelishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.
Banklar mijozlarga ilovalar ishlamay qolgan taqdirda Wi-Fi tarmog‘idan foydalanishni yoki amallarni keyinga qoldirishni tavsiya qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston harbiylari Moskvada o‘tkaziladigan paradda ishtirok etishi haqida yozgan edik.