O‘zbekiston birinchi marta bir oy ichida milliondan ortiq sayyohlarni qabul qildi

2025-yilning aprel oyida O‘zbekistonga ilk bor bir milliondan ortiq sayyohlar tashrif buyurdi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi ma’lum qildi.
Mamlakatimizga eng ko‘p Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikiston fuqarolari tashrif buyurishgan.
«Bu raqam nafaqat tarixiy natija, balki mamlakatimizda turizm sohasida olib borilayotgan izchil islohotlar, xususan, ochiqlik va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash natijasi», – deya qo‘shimcha qilgan qo‘mita.
Respublikada kelgusida xorijliklar uchun turizm xizmatlari ko‘lamini kengaytirish va o‘zbek turizmining jahon bozoridagi mavqeyini mustahkamlash rejalashtirilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Turizm qo‘mitasida «AirAsia X» aviakompaniyasi raisi Datuk Kamaruddin Meranun va kompaniya direktori Benyamin Ismoil boshchiligidagi Malayziya delegatsiyasi bilan aviareyslarni yo‘lga qo‘yish borasida muzokaralar o‘tkazilgani haqida yozgan edi.