Ta’lim va tibbiyot muassasalarida «Toza qo‘llar» dasturi uchun 780 mlrd so‘m ajratiladi

eʼlon qilindi
«Tibbiyotda 90 kunlik o‘zgarishlar» dasturi doirasida har bir viloyatga 10 milliard so‘mdan mablag‘ ajratiladi
Foto: Unicef

O‘zbekistonda barcha ta’lim va tibbiyot muassasalarini qamrab oluvchi «Toza qo‘llar» dasturi amalga oshiriladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev dasturni amalga oshirish uchun joriy yilda Davlat budjetidan 780 milliard so‘m mablag‘ ajratilishini ma’lum qildi.

Dastur doirasida quyidagi ishlar amalga oshiriladi:

  • maktab, bog‘cha, texnikum, oliygoh, poliklinika va shifoxonalardagi qo‘l yuvish joylari to‘liq sanitar-gigiyena vositalari bilan ta’minlanadi;
  • sharoiti og‘ir bo‘lgan 126 ta maktabda ichki hojatxonalar yangidan quriladi;
  • 6 mingdan ortiq maktabgacha ta’lim tashkilotlariga geliokollektorlar o‘rnatiladi;
  • 4 295 ta ijtimoiy muassasaga suv baki va sisternalar joylashtiriladi.

Shuningdek, prezident topshirig‘i bilan «Tibbiyotda 90 kunlik o‘zgarishlar» nomli yangi dastur ishga tushirildi. Unga ko‘ra, tibbiyot muassasalaridagi xizmat sifati, qulaylik va insoniy muhitni yaxshilash bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.

Endilikda viloyat hokimlari quyidagi ishlar uchun bevosita mas’ul bo‘ladi:

  • kutish joylarida qulay o‘rindiqlar sonini ko‘paytirish;
  • navbat tizimini tartibga solish;
  • «Ona-bola» xonalarini tashkil etish;
  • nogironligi bor shaxslar uchun kirish-chiqish yo‘laklarida inklyuziv sharoit yaratish;
  • qo‘l yuvishga issiq suvi bor, pokiza hojatxonalar barpo etish.

«Oddiy qilib aytganda, tibbiyot muassasasiga madaniyat, tartib-intizom, fayz olib kirib, odamlarga ijobiy kayfiyat ulashadi», – dedi prezident.

Dastur doirasida har bir viloyatga 10 milliard so‘mdan mablag‘ ajratiladi. Vazirlik va mutasaddi tashkilotlarga mazkur o‘zgarishlarni butun respublika bo‘ylab tizimli tashkil etish va 90 kun yakunida davlat rahbariga batafsil hisobot taqdim etish topshirildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan tibbiyotda yarim yoki 0,25 stavkada ishlash bekor qilinishi haqida yozgandi.

Shuningdek