Tibbiyotda yarim yoki 0,25 stavkada ishlash bekor qilinadi

Endilikda tuman shifoxonasining maslahat-diagnostika bo‘limida ishlaydigan oilaviy shifokorlar $500, hamshiralar esa $300 oylik oladi. Bu haqda prezident videoselektorda aytib o‘tdi.
Shuningdek, tibbiyot brigadalari va ularga biriktirilgan aholi o‘rtasida ikki tomonlama shartnoma tuziladi. Bu orqali aholining oilaviy shifokorni erkin tanlash huquqi kafolatlanadi, jarayonga xususiy shifokorlar ham jalb etiladi.
Yig‘ilishda tibbiy yordamning kafolatlangan paketi tasdiqlanishi ta’kidlandi. Unga ko‘ra, zarur xizmatlar va dori vositalari to‘liq Davlat budjeti hisobidan qoplanadi.
Poliklinikalarda akusher-ginekologlar soni ikki baravarga oshirilib, har 3 ming bola uchun bir nafar pediatr shtati tashkil etiladi. Shuningdek, birlamchi tizimda yarim yoki 0,25 stavka bilan ishlash bekor qilinib, barcha shifokor va hamshiralar to‘liq stavkada faoliyat yuritadi.
Tumandagi mahalla va oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar qayta tashkil qilinadi. Markaziy poliklinika esa maslahat-diagnostika bo‘limi sifatida tuman shifoxonasi tarkibiga qo‘shiladi va barcha tor soha mutaxassislari shu yerda ishlaydi.
Yangilangan tizimda oilaviy shifokorlar bazaviy $500, hamshiralar esa $300 oylik oladi. Agar ular malaka sertifikatiga ega bo‘lsa, bu summaga yana shuncha ustama qo‘shiladi.
«Bir so‘z bilan aytganda, oilaviy shifokorlar $1,5 ming, hamshiralar esa $600 – $800 oylik oladigan tizim qilamiz. Bu orqali biz shunchaki oylikni emas, inson qadrini oshirgan bo‘lamiz. Lekin, natija ham shunga yarasha bo‘lishi kerak», – dedi prezident.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev videoselektor yig‘ilishida tibbiyotga ajratilgan mablag‘lar so‘nggi 7 yilda 6 karra oshib, joriy yilda 42 trillion so‘mga yetgani ta’kidlagani haqida yozgandi.