
Haydovchilar ultra tez zaryadlash evaziga batareya umrini qisqartirishmoqda. Bu haqda CarNewsChina nashri ma’lum qildi.
2025-yil elektr transport vositalarining zaryadlash texnologiyasida katta yutuqlarga boy bo‘ldi. Tez va ultra tez zaryadlash foydalanuvchilarga vaqt tejash imkonini berdi. Biroq bu qulaylik batareya umrini sezilarli qisqartirishi mumkin.
So‘nggi tadqiqotlar bu kabi zaryadlash batareya quvvatini ikki yil ichida 15% gacha kamaytirishini ko‘rsatdi. Ayniqsa, kuniga 100 km.dan ortiq masofani bosib o‘tadigan haydovchilarda bu jarayon tezlashadi.
120 kVt dan yuqori quvvatdagi zaryadlar batareya umrini 40% gacha kamaytirishi mumkin. Shu sababli, ko‘plab ishlab chiqaruvchilar zaryad chastotasiga cheklov qo‘yuvchi kafolat siyosatini joriy etmoqda.
Mutaxassislar ultra tez zaryadlashni haftasiga bir necha martagacha cheklashni tavsiya etadi. Ideal zaryadlash diapazoni 20% – 80% oralig‘ida bo‘lishi kerak.
Yangi texnologiyalar issiqlik boshqaruvi va batareyani muhofaza qilish tizimlari orqali muammoni kamaytirishga urinmoqda. Ammo foydalanuvchi odatlari eng muhim omil bo‘lib qolmoqda.
Batareyaning umrini uzaytirish uchun sekin zaryadlash va ehtiyotkor foydalanish muhim hisoblanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Zeekr 9X dunyodagi eng tez va uzoq masofaga yuradigan elektromobil bo‘lishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.