Yangi ta’lim tashkilotlari faoliyati ikki bosqichda yo‘lga qo‘yiladi

2025-yil 1-iyuldan boshlab yangi tashkil etiladigan o‘rta maxsus, kasbiy, oliy hamda oliy ta’limdan keyingi muassasalar faoliyati ikki bosqichda yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda prezident farmoni qabul qilindi.
1-bosqichda ta’lim faoliyatini boshlash uchun muassasalar belgilangan tartibda litsenziyalanadi. Kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazlari esa xabardor qilish tartibida ochiladi.
2-bosqichda esa kadrlar tayyorlanadigan ta’lim dasturlari maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tkaziladi.
Akkreditatsiyadan o‘tmagan dasturlar asosida o‘quvchilarning qabul qilinishi taqiqlanadi. Bunday holat litsenziya shartlarini qo‘pol buzish hisoblanadi va muassasa litsenziyasining bekor qilinishiga olib keladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tashkil etilishi haqida yozgan edik.