Sakkizta viloyatda «Ilg‘or kasbiy tayyorgarlik markazlari» tashkil etiladi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Germaniya taraqqiyot banki (KfW) Markaziy Osiyo mintaqaviy ofisi direktori Andreas Shnayder bilan «Kasbiy ta’lim tizimini takomillashtirish» loyihasini muhokama qildi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lum qildi.
Uchrashuvda tomonlar loyiha bo‘yicha kelishuv shartnomasini imzolashdi, bu esa amaliy ishlarni boshlash va investitsiya mablag‘larini o‘zlashtirishda muhim bosqich hisoblanadi.
Loyiha doirasida O‘zbekistonning sakkizta viloyatida «Ilg‘or kasbiy tayyorgarlik markazlari» tashkil etilishi rejalashtirilgan. Ushbu markazlar kasbiy ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, Germaniya tajribasi asosida zamonaviy o‘quv dasturlari va texnologiyalarni joriy etish orqali malakali va raqobatbardosh kadrlar tayyorlashni maqsad qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Urganchda Kasbiy ko‘nikmalar mintaqaviy markazi ochilgan edi.