
Disney kompaniyasi Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahridagi Yas orolida yangi ko‘ngilochar park barpo etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar berdi.
Ushbu loyiha kompaniyaning yettinchi va Yaqin Sharq mintaqasidagi ilk parkiga aylanishi kutilmoqda. Disney oxirgi marotaba 2016-yilda Shanxayda bu kabi parkni ochgandi.
Loyihaga hamkor sifatida BAAning Miral kompaniyasi ishtirok etadi. Miral Abu-Dabida bir nechta yirik parklarni boshqaradi va ko‘ngilochar tadbirlarni tashkil etish bilan shug‘ullanadi. Ular orasida Ferrari World, Warner Bros parklari va Yas Waterworld Abu Dhabi akvaparki mavjud.
Kelishuvga ko‘ra, Miral moliyalashtirish, qurilish va loyiha boshqaruvi uchun javobgar bo‘ladi. Disney esa ijodiy jarayonlar va umumiy nazoratni amalga oshiradi.
Park loyihasini ishlab chiqish uchun ikki yilgacha, qurilishi esa to‘rt yildan olti yilgacha vaqt olishi mumkin. Demak, Abu-Dabidagi Disney parki 2030-yildan erta ochilmaydi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Parkentda $30 mlnlik akvapark ishga tushishi haqida yozgandi.