
2025-yilning birinchi choragi yakunlari bo‘yicha TBC Uzbekistan’ning umumiy operatsion daromadi 744 milliard so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 113 foizlik o‘sishni anglatadi. Bu haqda kompaniya Kursiv Uzbekistan nashriga ma’lum qildi.
Shuningdek, kredit portfelini 121 foizga, jismoniy shaxslarning depozit portfelini esa 85 foizga oshirdi.
Kompaniyaning sof daromadi birinchi chorakda 98 milliard so‘mni tashkil etgan.

Shu bilan birga, ekotizim foydalanuvchilari soni 19,7 millionga yetdi. Oylik faol mijozlarda bu ko‘rsatkich 6,1 million nafarga yetdi.
Bank 2025-yil boshida Payme Plus obuna xizmatini ishga tushirdi. Bundan tashqari, Salom Card va Osmon Card kartalariga bo‘lgan talab keskin oshdi.
Kompaniya bosh direktori Nika Kurdiani kompaniya yilni kuchli natijalar bilan boshlaganini ta’kidladi:
«Bizning raqamli bank ekotizimimizning o‘sishi, yangi mahsulotlar, va sun’iy intellekt joriy etilishi bozorimizda yetakchi o‘rin egallashimizni ta’minlamoqda».
TBC Uzbekistan kichik va o‘rta biznes uchun yangi kredit mahsulotlarini taqdim etib, TBC Digital boshqaruv kompaniyasini ham yo‘lga qo‘ydi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan IMD biznes maktabi TBC Bank Group’ni tahlil qilgani haqida yozgandi.