Yangiliklar

Noto‘g‘ri berilgan xonadon: quruvchi 150 mln so‘mlik zararni qoplashga majbur bo‘ldi

«Shoxjahon denta» MChJ tomonidan 19-xonadon to‘liq ta’mirlab berilishi ta’minlandi
Noto‘g‘ri berilgan xonadon: quruvchi 150 mln so‘mlik zararni qoplashga majbur bo‘ldi / Foto: fotonen / www.depositphotos.com

Iste’molchiga xonadon noto‘g‘ri topshirilgani natijasida 150 mln so‘m zarar qoplandi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi ma’lum qildi.

Jumladan, fuqaro V.A. «Shoxjahon denta» MChJ qurilish korxonasi bilan shartnoma asosida Urganch tumani, Oq ariqlar mahallasida joylashgan 59-uy, 19-xonadonni sotib olgan, ammo notarius orqali imzolangan oldi-sotdi shartnomasi va quruvchi tomonidan adashib, 18-xonadon kaliti topshirilgan.

Fuqaro 150 mln so‘m mablag‘ sarflab xonadonni ta’mirlatib, ko‘chib o‘tganidan so‘ng haqiqiy egasi kelib, uyni bo‘shatishni talab qilgan. O‘rganishlar davomida qurilish korxonasining mas’uliyatsizligi va noto‘g‘ri aloqa o‘rnatilishi sababli bunday xatoliklar sodir bo‘lgani aniqlandi.

Biroq iste’molchining murojaati ijobiy hal etilib, «Shoxjahon denta» MChJ tomonidan 19-xonadon to‘liq ta’mirlab berilishi ta’minlandi. Shuningdek, yangi qurilayotgan uylar bo‘yicha shartnomalar hamda topshiriqlarni yanada aniq va to‘g‘ri bajarish uchun qurilish kompaniyasiga ogohlantirish berildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Tenge bank» reklama qonunchiligini buzganligi uchun jarimaga tortilgani haqida xabar bergan edi.