O‘zbekistonda BFQlarni markirovkalash

2025-yil 1-martdan boshlab O‘zbekistonda biologik faol qo‘shimchalarni (BFQ) ixtiyoriy raqamli markirovkalash loyihasi boshlandi. Ushbu yangilik nafaqat biologik faol qoʻshimchalar bozorini shaffoflashtirish, balki uni ham isteʼmolchilar, ham tadbirkorlar uchun xavfsiz qilish imkonini beradi. Keling, bu masalaning ahamiyatiga chuqurroq nazar tashlaymiz.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda biologik faol qo‘shimchalarga bo‘lgan talab barqaror o‘sishda davom etmoqda. Ayniqsa, koronavirus pandemiyasi davri va undan so‘ng ko‘plab odamlar sog‘liqni saqlash hamda immunitetni mustahkamlashning ahamiyatini yanada chuqurroq anglay boshladi, jumladan, buni qo‘shimchalar yordamida amalga oshirishga qiziqish ortdi.
O‘tgan yilning avgust oyida Kursiv Uzbekistan tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda aholisi 500 mingdan ortiq bo‘lgan shaharlarda har uchinchi fuqaro ma’lum bir davriylikda biologik faol qo‘shimchalarni iste’mol qiladi.

Salomatlikka mas’uliyatli yondashuvni faqat qo‘llab-quvvatlash mumkin. Ammo hozircha O‘zbekistondagi biologik faol qo‘shimchalar bozori shaffoflikdan yiroq. Bunga sabab — kontrafakt mahsulotlar va «kulrang» import orqali olib kirilayotgan tovarlar ulushining yuqoriligi. Aynan raqamli markirovkalash tizimi ushbu salbiy tendensiyalarning oldini olishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Iste’molchilar uchun afzalliklar
Sifat va xavfsizlik kafolati
Qalbaki biologik faol qo‘shimchalarni sotib oluvchilar ikki karra xavf ostida qoladi. Ularga foydali qo‘shimcha niqobi ostida immunitetni mustahkamlamaydigan oddiy platsebo yoki hatto og‘ir zaharlanishga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan zararli moddalar sotilishi ehtimoli bor. Shuning uchun xarid qilayotgan narsangiz tekshirilgan va xavfsiz bo‘lishi muhim.
Raqamli markirovka yordamida iste’molchilar mahsulotning barcha zaruriy sinov va tajribalardan o‘tgani, shuningdek, belgilangan sifat va xavfsizlik me’yorlariga mos kelishini osongina tasdiqlashlari mumkin. Bu esa soxta mahsulotlar va shubhali tarkibiy qismlarga ega tovarlardan himoyalanishga yordam beradi.
To‘liq shaffoflik
Qadoqdagi Data Matrix-kodni skanerlash orqali iste’molchi biologik faol qo‘shimchaning fabrikadan to rastagacha bo‘lgan yo‘lini to‘liq kuzatishi mumkin. U darhol quyidagi ma’lumotlarga ega bo‘ladi:
• mahsulot rasman mamlakatga import qilinganmi;
• uni kim va qachon ishlab chiqargan;
• qo‘shimchaning qanday foydali xususiyatlari va yaroqlilik muddati bor.
Bundan tashqari, mahsulotga tegishli noyob kod tarkibida uni qanday qabul qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar ham shifrlangan bo‘ladi. Bu esa BFQni qaysi dozada va qanday davriylikda iste’mol qilish salomatlik uchun foydali ekanligini bilish imkonini beradi.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish
Agar mahsulot sifati talabga javob bermasa yoki mos kelmasa, markirovka uni qaytarish jarayonini ancha osonlashtiradi. Masalan, siz BFQlar sotib oldingiz, lekin u allergik reaksiya keltirib chiqardi yoki kutilgan ta’sirni bermadi.
Markirovkasiz iste’molchi sifati yoki kelib chiqishi noaniq mahsulot bo‘yicha o‘z haq-huquqini himoya qilishda qiyinchilikka duch keladi. Sababi mahsulot soxta bo‘lishi, partiya yaroqsiz bo‘lishi yoki u noqonuniy yo‘llar orqali import qilingan bo‘lishi mumkin.
Markirovka esa iste’molchilar huquqlarini himoya qilish uchun ishonchli dalillar va qonuniy vositalarni taqdim etadi.
Biznes uchun imtiyozlar
Iste’molchilar ishonchi
Markirovka — bu davlat va nazorat qiluvchi organlar tomonidan tovarga qo‘yiladigan sifat belgisi. Yuqori darajadagi himoyaga ega belgi esa uni yasashni deyarli imkonsiz qiladi.
Xaridor BFQ tekshiruvdan o‘tgani va qadoqdagi barcha ma’lumotlarni o‘qiy olishini ko‘rsa, o‘zini ishonchliroq his qiladi. Bu tovarni sotib olish ehtimolini oshiradi, sotuvlarning o‘sishiga va kompaniya imijiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Kontrafaktga qarshi kurash
Biologik faol qo‘shimchalar bozori — soxtalashtirishga eng zaif bozorlardan biri.
Kontrafaktdan aziyat chekkanlar nafaqat iste’molchilar, balki qonunchilikka rioya qilib, tasdiqlangan qo‘shimchalar bilan savdo qilgan, soliq va bojlarni to‘lagan tadbirkorlar hamdir.
Raqamli markirovkaning joriy etilishi o‘yin qoidalarini o‘zgartiradi. Tovarning ishlab chiqarilishidan peshtaxtagacha bo‘lgan butun yo‘li tizimda qayd etilganligi sababli har qanday nosozlik yoki shubhali operatsiya ko‘zga tashlanadi. Bu orqali qalbaki biologik faol qo‘shimchalar endilikda qonuniy muomalaga kira olmaydi.
Barcha qo‘shimchalarni ishlab chiqaruvchi va import qiluvchilar uchun markirovka majburiy bo‘lganida kontrafaktning rentabelligi keskin pasayadi. Oldin «soyada» faoliyat ko‘rsatganlar yo qonuniylashishga yoki bozordan chiqishga majbur bo‘ladi.
Sotuvning yangi bosqichi
Boshqa teng sharoitlarda iste’molchilar haqiqiyligi va sifatini osongina tekshirishi mumkin bo‘lgan tovarlarga ko‘proq ishonadi.
Xaridor qadoqda har qanday smartfon yordamida o‘qilishi mumkin bo‘lgan kodni ko‘rganida, u BFQlar rasman ro‘yxatdan o‘tganini, mustaqil nazoratdan o‘tganini va muammo yuzaga kelganda ishlab chiqaruvchi, sotuvchi hamda hatto tovar partiyasini aniqlash mumkinligini tushunadi.
Bu lotereyadan xarid qilishni ongli tanlovga aylantiradi. Ongli tanlov esa iste’molchilar talabini kuchli rag‘batlantiruvchi ishonchning asosidir.
Nazorat va hisobot berish osonroq
To‘g‘ri yondashilganda markirovka samarali biznes vositasiga aylanadi. Shu tariqa tadbirkor istalgan vaqtda mahsulotining qayerda to‘xtab qolganini kuzatishi, logistikadagi yo‘qotishlar, o‘g‘irlik va yashirin sxemalarning oldini olishi, shuningdek, muammoli partiyani tezda aniqlashi mumkin.
Markirovka joriy etilishi bilan qoldiqlarni qo‘lda solishtirish, katta hajmdagi hisobotlarni tuzish, parallel jadvallar va dalolatnomalarni yuritish zarurati yo‘qoladi. Tizim barchasini avtomatik ravishda bajaradi. U mahsulotlarning kirimi va chiqimini, omborlar o‘rtasidagi harakatini, ulgurji va chakana savdosini hamda utilizatsiya jarayonini qayd etadi.
Hisob-kitoblardan rejalashtirishgacha
Raqamli markirovka — bu kuchli analitik vosita ham. Uning yordamida mahsulot harakatini kuzatish bilan birga quyidagi muhim ma’lumotlarni to‘plash mumkin:
• qaysi mahsulotlar qaysi hududlarda yaxshiroq sotilmoqda;
• qaysi davrlarda talab yuqori bo‘ladi;
• qaysi liniyalarni rivojlantirish va qaysilarini bozordan olib tashlash kerak.
Boshqacha qilib aytganda, markirovka biznes uchun strategik rejalashtirishning samarali vositasidir. U kompaniyalarga bozor talablariga moslashish, yangi mahsulot liniyalarini ishga tushirish, samarasiz pozitsiyalarni olib tashlashga va ishlayotganlarini kuchaytirishga yordam beradi.
Raqamli markirovkaning joriy etilishi O‘zbekistondagi BFQlar bozorini yanada shaffof va xavfsiz qilishga xizmat qiladi. Iste’molchilar sifat va ishonch kafolatiga ega bo‘lsa, tadbirkorlar o‘sish va nazorat qilish vositasiga ega bo‘ladi. Bu adolatli, zamonaviy va barqaror tizim sari tashlangan yana bir muhim qadamdir.
BFQlarni ishlab chiqaruvchi va import qiluvchi o‘zbekistonliklar nima uchun raqamli markirovkani tanlamoqda
2025-yil 1-martdan boshlab O‘zbekistonda biologik faol qo‘shimchalarni (BFQ) ixtiyoriy ravishda markirovkalash yo‘lga qo‘yildi. Mazkur loyiha kontrabanda, qalbakilashtirish va iste’molchilarni himoya qilishga qaratilgan. Ishlab chiqaruvchi va import qiluvchilarning ishtiroki ixtiyoriy bo‘lib, ushbu davrda markirovka kodlari bepul taqdim etiladi.
Biz O‘zbekistonda biologik faol qo‘shimchalarda raqamli markirovkalashni birinchilardan bo‘lib joriy etayotgan kompaniyalar vakillari bilan suhbatlashdik. Ulardan ushbu loyihani nima sababdan qo‘llab-quvvatlayotganlari va undan qanday afzalliklar ko‘rayotganlari haqida so‘radik.
STM Holding boshqaruv hamkori Inara Shaxanova

— O‘zbekistonda BFQlar bozori qanday muammolarga duch kelmoqda?
— Asosiy muammo — ulkan yashirin bozor. Biz har kuni xaridorlar va mijozlarimizdan salbiy fikr-mulohazalarga duch kelamiz. Bunday holat davlatga ham, iste’molchiga ham zarar keltiradi. Budjet g‘aznasi kerakli bojlarni to‘liq ololmayapti, xaridorlar esa zarur standartlarga rioya qilinmay ishlab chiqarilgan yoki import qilingan sifatsiz qo‘shimchalarni sotib olishmoqda.
— 1-martdan boshlab O‘zbekistonda BFQlarni ixtiyoriy ravishda markirovka qilish boshlandi. Bu yangilikka qanday qaraysiz?
— Bu haqiqatan ham muhim qadam. Biz bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz, chunki bu mamlakat ichida kontrafakt ishlab chiqarish va O‘zbekistonga noqonuniy mahsulotlar olib kirilishining oldini olishga yordam beradi.
Kompaniyamiz ushbu loyihaga qo‘shilmoqda. Dori vositalarini markirovkalashda o‘z vaqtida va birinchilar qatorida qatnashganimiz singari BFQlarni markirovkalashda ham ilg‘orlar safida bo‘lish biz uchun katta sharafdir.
— Markirovka joriy etilishi bilan iste’molchilar uchun nimalar o‘zgaradi?
— Birinchidan, nazorat kuchaytiriladi. Har bir iste’molchi mahsulot qadog‘idagi maxsus kodni skanerlab, Asl Belgisi mobil ilovasi orqali mahsulotning haqiqiyligini tekshirishi mumkin. Bu orqali iste’molchi xarid qilayotgan mahsulotning sifat va ishonchliligiga amin bo‘ladi. Shuningdek, mahsulotning O‘zbekistonga barcha me’yor va talablarga muvofiq ravishda ruxsat etilgan tartibda olib kirilgan, sertifikatlangan hamda asl mahsulot ekaniga ishonch hosil qilishi mumkin.
— Sizning fikringizcha, kelajakda BFQlarni markirovkalashni majburiy qilish kerakmi?
— Ha, buni albatta qilish kerak. Va biz bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlaymiz. Rossiya tajribasi shuni ko‘rsatadiki, bu qadam bozorni ancha tozalash va uni yanada shaffofroq qilish imkonini berdi.
MERRYMED FARM MCHJ «Raqamli markirovka» loyihasi rahbari Bahodir Mirzayev

— O‘zbekistondagi BFQlar bozori dinamikasini qanday baholaysiz? Pandemiya davrida tahlilchilar ushbu mahsulotga bo‘lgan talabning keskin oshganini qayd etdi. Raqobat hozir ham saqlanib qolganmi?
— O‘zbekistondagi BFQlar bozori boshqa ko‘plab mamlakatlarda bo‘lgani kabi izchil o‘sishni namoyish etmoqda. Yangi ishlab chiqaruvchilar paydo bo‘lmoqda, mahsulotlar assortimenti kengaymoqda, qo‘shimchalarning mavjudligi oshmoqda. Iste’molchilar asosiy ratsionga qo‘shimcha sifatida BFQlarga e’tibor bera boshladi.
— O‘zbekistonda 1-martdan boshlab BFQlarni ixtiyoriy markirovkalash boshlandi. Bu yangilikka qanday qaraysiz?
— O‘zbekistonda BFQlarni markirovkalashning joriy etilishi iste’molchilarga BFQlarning kelib chiqishi va tarkibi haqida ko‘proq ma’lumot olish imkonini beradigan muhim qadamdir. Bu mahsulotga bo‘lgan ishonch darajasini oshiradi.
Bundan tashqari, ixtiyoriy markirovkalash qalbakilashtirishga qarshi kurashda yordam beradi va xaridorlarni sifatsiz tovar sotib olishdan himoya qiladi.
Majburiy markirovkani joriy etishdan oldin barcha jarayonlarni sinab ko‘rish kerak. Shuning uchun ushbu bosqichda markirovkalash ixtiyoriy bo‘ladi.
— Iste’molchi uchun nima o‘zgaradi?
— Shubhasiz, biologik faol qo‘shimchalarni markirovkalashning joriy etilishi iste’molchiga foyda keltiradi. Raqamli markirovka ishlab chiqaruvchi, yaroqlilik muddati, tarkibi va boshqa muhim ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi. Bu iste’molchiga asl mahsulotni sotib olayotganiga ishonch va ongli tanlov qilishiga yordam beradi.
Bundan tashqari, raqamli markirovkalash tizimi soxta biologik faol qo‘shimchalarning sotilishini qiyinlashtiradi, bu esa xaridorlarni sifatsiz mahsulotlar xarid qilishdan himoya qiladi.