AirCar 2 uchar avtomobil taqdim etildi

eʼlon qilindi
Narxi $800 mingdan $1 mlngacha bo‘lishi kutilmoqda
uchar avtomobil
AirCar 2 uchar avtomobil taqdim etildi / Foto: Klein vision

Klein Vision kompaniyasi AirCar 2 uchar avtomobil prototipini namoyish etdi. Bu haqda Thenextweb nashri ma’lum qildi.

Slovakiyalik muhandislar ishlab chiqqan AirCar 2 – bu avtomobildan atigi 80 soniyada samolyotga aylanishi mumkin bo‘lgan noyob uchar avtomobil. Beverli-Xillzda o‘tgan taqdimot marosimida Jon Travolta, Morgan Friman va Bazz Oldrin kabi mashhurlar ishtirok etdi.

AirCar 2 narxi $800 mingdan $1 mlngacha bo‘lishi kutilmoqda. Bu avvalgisi bilan solishtirganda sezilarli darajada kuchliroq bo‘lib, yangi 280 ot kuchiga ega dvigatel bilan 250 km/soat tezlikda ucha oladi va 200 km/soat tezlikda yo‘lda harakatlana oladi.

5,8 metrli avtomobil oddiy to‘xtash joyida saqlanishi mumkin. Egasi uni oddiy aerodromga haydab borib, tugmani bosish orqali qanotlarini chiqarib, osongina havoga ko‘tarilishi mumkin. Parvoz masofasi 1000 kilometrgacha yetadi va u benzin bilan ishlaydi. Kelajakda elektr motorlarga o‘tish ham rejalashtirilgan.

AirCar texnologiyasi 35 yillik tajriba asosida yaratilgan va birinchi versiyasi 2022-yilda parvozga yaroqlilik sertifikatini olgan. Yangi model ham xalqaro sertifikatsiya uchun EASA CS-32 talablariga javob berishga yo‘naltirilgan.

Klein Vision hozircha to‘liq mustaqil moliyalashtirilgan, biroq AirCar 2’ni ommaviy ishlab chiqarish uchun investorlar izlashga tayyor. Kompaniya allaqachon bir nechta mijozlardan oldindan buyurtmalar olgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan uchar avtomobilning sinov parvozi taqdim etilgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek