Shavkat Mirziyoyev g‘alabaning 80-yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etdi

eʼlon qilindi
Shavkat Mirziyoyev
Shavkat Mirziyoyev g‘alabaning 80-yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etdi / Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 9-may kuni Moskvada o‘tkazilgan Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80-yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etdi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan tashrif buyurgan O‘zbekiston yetakchisi Qizil maydondagi G‘alaba paradida ishtirok etdi va boshqa davlat rahbarlari bilan bir qatorda Noma’lum askar qabriga gul qo‘ydi.

Tadbirda Xitoy Raisi Si Szinpin, Braziliya prezidenti Lula da Silva, Misr, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Mo‘g‘uliston, Kuba, Venesuela rahbarlari ham qatnashdi.

Ikkinchi jahon urushidagi g‘alaba ko‘p millatli jasorat va fidoyilik natijasi bo‘lgan bo‘lsa, bu ulkan kurashda O‘zbekiston xalqi ham beqiyos hissa qo‘shgan. Urushda ikki millionga yaqin o‘zbekistonliklar ishtirok etgan, 538 mingdan ortig‘i halok bo‘lgan, 158 mingdan ziyodi bedarak yo‘qolgan.

Janglarda ko‘rsatgan jasorati uchun 214 mingdan ortiq o‘zbekistonlik orden va medallar bilan taqdirlangan, 301 kishi Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga sazovor bo‘lgan. O‘zbekiston mehnat maydonida ham fidoyilik ko‘rsatgan: frontga oziq-ovqat, kiyim-kechak, dori-darmon va texnika yetkazib berilgan, 170 dan ortiq zavodlar evakuatsiya qilingan.

Xalqimiz 1,5 mlndan ortiq evakuatsiya qilingan insonni, jumladan, 250 mingdan ortiq yetim bolani bag‘riga olgan. Ushbu insonparvarlik bugun ham xalqaro maydonda chuqur e’tirof etilmoqda.

Toshkentda «G‘alaba bog‘i» yodgorlik majmuasining barpo etilishi ham bu tarixiy xotirani e’zozlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.

Marosim bir daqiqalik sukut, faxriy qorovul va harbiy orkestr ishtirokidagi yurish bilan yakunlandi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan mamlakat harbiylari Moskvada o‘tkaziladigan paradda ishtirok etishi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek