2025-yilda O‘zbekiston telekommunikatsiya bozori 12,5 foizga o‘sadi

Nexign kompaniyasi va TelecomDaily agentligi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, O‘zbekistonning telekommunikatsiya bozori barqaror o‘sishni davom ettirmoqda.
2025-yilgi prognozga binoan, mamlakatdagi telekommunikatsiya xizmatlari hajmi 24,1 trillion so‘mga ($1,9 milliard) yetadi, bu esa 2024-yildagi 20,9 trillion so‘m ($1,656 milliard) bilan solishtirganda 12,5% ko‘proqdir.
2020-yildan beri bozor daromad jihatidan ikki baravardan ko‘proqqa o‘sdi, 2027-yilga kelib esa deyarli 30 trillion so‘mga yetishi kutilmoqda. 2025-yildan 2027-yilgacha bo‘lgan davrda yillik o‘rtacha o‘sish sur’ati taxminan 11,9% bo‘ladi.
Boshqa MDH davlatlarida telekommunikatsiya xizmatlari bozori qanday o‘smoqda
Rossiyada 2024-yilda bozor hajmi 2,139 trillion rublni ($24,5 milliard) tashkil etdi. 2025-yilda 7% o‘sish bilan 2,278 trillion rubl ($24,8 milliard) bo‘lishi kutilmoqda.
Qozog‘iston telekom bozorining hajmi o‘tgan yili 6% ga o‘sib, 1,322 trillion tenge ($2,9 milliard)ga yetdi. Joriy yil prognozi esa 1,4 trillion tenge yoki $1,6 milliard (+6%).
Qirg‘izistonda telekommunikatsiya xizmatlari hajmi 37,9 milliard so‘mni ($430 million) tashkil etdi, o‘sish 12% bo‘ldi. 2025-yilga prognoz esa 10,8% o‘sish bilan 42,4 milliard so‘m ($486,5 million).
Ozarbayjon telekom bozori esa o‘tgan yili 7% ga o‘sib, 2,6 milliard manatni ($1,51 milliard) tashkil etdi. Joriy yilda esa 5,5% o‘sib, 2,74 milliard manatga ($1,6 milliard) yetishi kutilmoqda.
Armaniston telekom kompaniyalari daromadi 145,4 milliard dramgacha ($365 million) o‘sdi, o‘sish – 3,5%. 2025-yilda 4,2% o‘sish bilan 150,4 milliard dram (taxminan $308 million) bo‘lishi kutilmoqda.
Belarus telekommunikatsiya bozori 6,2% ga o‘sib, 5,03 milliard belarus rubliga yoki $1,57 milliardga yetdi. 2025-yilda bu ko‘rsatkich 5,34 milliard rubl ($1,66 milliard) bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Tojikiston telekom bozori hajmi $119,5 millionga yetib, o‘tgan yilga nisbatan 5,47% o‘sdi. 2025-yil prognoziga ko‘ra, bozor 4,94% o‘sib, $125,4 millionga yetadi.
O‘zbekistonda telekom bozorining o‘sishiga nima sabab bo‘lmoqda
O‘zbekistonda telekommunikatsiya xizmatlari bozori quyidagi omillar hisobiga kengayishda davom etmoqda:
- 5G tarmoqlarining faol qurilishi (2025-yildan ommaviy joriy etilishi kutilmoqda);
- IT-kompaniyalar sonining ortishi va raqamli xizmatlarga bo‘lgan talabning oshishi;
- Uztelecom IPO‘sidan so‘ng infratuzilmaga investitsiyalar jalb qilinishi;
- Davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash va sohadagi soliq yengilliklari.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Buxoro, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida «bulutli» ma’lumotlar markazlari ochilishi haqida yozgandi.