
Shu yilning 23-aprelidan 2-mayigacha Shanxayda o‘tkazilgan 21-Xalqaro avtomobil ko‘rgazmasi doirasida Jetour kompaniyasi yangi yengil yo‘ltanlamas krossoveri – T1 modelini debyut qildi. Bu haqda Avto.mail.ru nashri xabar berdi.
Jetour T1 o‘zining kuchli dinamikasi, ajoyib dizayni va ilg‘or texnologiyalari bilan avtomobil mutaxassislari va avtohavaskorlar tomonidan yuqori baholandi.
Jetour brendi bugungi kunga kelib, 67 ta mamlakatda faoliyat yuritadi va 2000 dan ortiq dilerlik va servis markazlariga ega. 2024-yilda kompaniya 560 mingdan ortiq avtomobil sotdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 80,3 foizga ko‘p bo‘ldi va Xitoy avtomobil ishlab chiqaruvchilari orasida eng yuqori o‘sish ko‘rsatkichini qayd etdi.
Jetour T1 modelining xususiyatlari
Jetour T1 modeli o‘zining ajoyib dinamikasi va kuchli xususiyatlari bilan ajralib turadi. U 2,0 litrli turbomotor va 8 pog‘onali avtomatik uzatmalar qutisi bilan jihozlangan. Avtomobil to‘liq harakatlantiruvchi tizimga ega (XWD) va sport, tejamkor, standart, qor, qum, loy va toshli hududlar uchun mo‘ljallangan yettita haydash rejimi bilan ta’minlangan.

Bu uni shaharda ham, murakkab yo‘ltanlamas yo‘llarda ham o‘zini mukammal namoyon etishga imkon beradi.
T1 modeli xavfsizlikka katta e’tibor qaratgan. U innovatsion karkasli kuzov tuzilmasiga ega, uning 85 foizi yuqori mustahkamlikdagi po‘latdan yasalgan. Lazerli payvandlash usuli esa avtomobilning mustahkamlik va ishonchliligini ta’minlaydi.

Salon ichidagi aqlli texnologiyalar, jumladan, 15,6 dyuymli markaziy ekran, 10,25 dyuymli raqamli asboblar paneli va zamonaviy TOUR OS 2.0 operatsion tizimi, barcha funksiyalarning silliq va intuitiv ishlashini ta’minlaydi.

Jetour kompaniyasi O‘zbekiston bozoridagi ishtirokini yanada kengaytirishni rejalashtirmoqda. Xususan, T1 modelining 1.5T (DCT) va 2.0T (8AT) benzinli versiyalari, shuningdek, DM gibrid modifikatsiyasi taqdim etilishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan AirCar 2 uchar avtomobil taqdim etilgani haqida yozgandi.