
Rivojlangan davlatlardagi fond bozori kapital jalb qilishga va fuqarolarni iqtisodiyotga jalb etishga yordam beradi. Ammo O‘zbekistonda bu soha uzoq vaqt davomida yopiq hudud bo‘lib qolgan: murakkab ro‘yxatdan o‘tish tartibi, qog‘ozbozlik va raqamli yechimlarning yo‘qligi bunga sabab bo‘lgan. Vaziyat 2021-yildan boshlab o‘zgara boshladi – aynan o‘sha yili bozorga Jett chiqdi. Bu ilk investitsiya xizmati bo‘lib, u orqali smartfon yordamida qimmatli qog‘ozlarni xarid qilish imkoniyati yaratildi. Fintex-startap asoschisi Tolibjon Mirzaqulov Kursiv Uzbekistan nashriga bergan intervyusida «sizda imkoniyat mavjud emas» degan gaplardan o‘n minglab investorlargacha bo‘lgan yo‘lni qanday bosib o‘tgani, servisga xorijiy bozorga chiqish nega muhimligi va nima uchun «investitsiyalarni keng ommaga ochish» moda shiori emas, balki infratuzilma masalasi ekani haqida so‘zlab berdi.
— Tolibjon Oltinovich, Jett O‘zbekiston bozorida birinchi raqamli investitsiya xizmati bo‘ldi. Bunday sezuvchan sohaga birinchi bo‘lib kirish nimani anglatadi?
— Biz ishni endi boshlagan paytimizda, raqamli investitsiya xizmati g‘oyasi juda oddiy va aniqdek tuyulgan. Ammo amalda oddiy tuyulgan narsa har doim ham oson emasligini tushundik. 2021-yil oktabr oyida fond bozori ishtirokchilari bilan o‘tkazilgan bir qator uchrashuvlardan so‘ng, bizga deyarli bir ovozdan shunday deyishdi: «Albatta, g‘oya yaxshi, lekin bizda API yo‘q. Siz bunday mahsulotni amalga oshira olmaysiz».
Aslida bizga ochiqchasiga aytishdi: bu xizmatni ishga tushirish uchun texnik imkoniyat mavjud emas. Ana shunda nega shu kungacha bunday servislar O‘zbekistonda paydo bo‘lmaganini tushundik – birjaga ulanish uchun zarur vositalar umuman bo‘lmagan. Bu ustimizdan muzdek suv quyib yuborganday bo‘ldi, biroq ayni paytda juda muhim turtki ham bo‘ldi.
— Birja bilan integratsiya yo‘qligi muammosini qanday hal qildingiz?
— Biz muqobil yo‘lni tanladik. O‘z texnik yechimlarimizni ishlab chiqdik, ichki API yaratdik va MVP yordamida bunday loyiha amalga oshishi mumkinligini isbotladik. Regulyatorlar bizni qo‘llab-quvvatlashdi va aynan shu burilish nuqtasiga aylandi.
Texnologik to‘siqdan keyin esa tashkiliy muammo paydo bo‘ldi. Depo hisobini ochishdan tortib bitimlarni rasmiylashtirishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar qog‘ozbozlik bilan bog‘langan edi. Biz brokerlar va regulyator bilan birgalikda bozordagi jarayonlarni bosqichma-bosqich o‘zgartirdik: yangi qoidalarni ishlab chiqdik, raqamli hujjat aylanishini joriy etdik, me’yoriy-huquqiy bazani moslashtirdik.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) fond bozorining regulyatori sifatida belgilanguniga qadar eng muhim hujjat — masofaviy identifikatsiya asosidagi raqamli xizmat ko‘rsatish tartibi qabul qilindi. Bugungi kunda bu jarayonlar standartga aylangan, natijada yangi bozor ishtirokchilari uchun kirish ancha osonlashgan.
— Fond bozori — ko‘p omilli murakkab tizim. Siz investitsiyalarni oddiy foydalanuvchi uchun qanday qilib tushunarli qila oldingiz?
— Biz mijozlarimizning 90 foizi – yangi foydalanuvchilar ekanini yaxshi tushunamiz. Ular uchun eng muhimi – soddalik va intuitiv interfeys, murakkab grafiklar yoki indikatorlar emas. Biroq biz tajribali treyderlarni ham yo‘qotishni istamadik. Shuning uchun biz muvozanatni topishga harakat qildik.
Biz barcha ma’lumotlarni – kotirovkalar, hisobotlar, bozor tahlillari, multiplikatorlar — bir oynada jamladik. Endi foydalanuvchi birja sayti, emitentlar sahifalari, OpenInfo portali yoki Markaziy depozitariy saytida alohida izlash o‘rniga, Jett ilovasi orqali barcha kerakli ma’lumotlarni bir joyda ko‘rishi mumkin.
Shuningdek, biz moslashuvchan interfeys yaratdik: yangi mijozlar uchun soddalashtirilgan funksiyalar, tajribali investorlar uchun esa kengaytirilgan imkoniyatlar — jumladan, TradingView asosidagi texnik tahlil, multiplikatorlar va sham grafiklari mavjud. Bu yondashuv turli toifadagi investorlarni bitta platformada birlashtirish imkonini berdi.
Kompyuter orqali ishlashni afzal ko’rganlar uchun app.jett.uz veb-platformasi ishga tushirilgan. Mobil qurilma orqali ishlash qulay bo‘lganlar Multicard dasturida «Investitsiyalar» bo‘limi orqali Jett servisidan foydalanishlari mumkin.
— «Investitsiyalarni ommaga ochish» – bu sizning shioringiz. Bu ibora bilan siz aslida nimani nazarda tutyapsiz?
— An’anaviy tarzda investitsiya qilish faqat boy kishilarga xos imtiyoz sifatida qaralgan. Mahalliy bozorda ham norasmiy kirish chegarasi mavjud edi — kamida 10 million so‘m va undan yuqori. Qog‘oz shaklidagi hujjatlar, shaxsiy identifikatsiya talabi va raqamli kanallarning yo‘qligi keng ommani bu jarayondan chetda qoldirardi.
Biz bu to‘siqni yo‘q qildik. Ro‘yxatdan o‘tish jarayonini soddalashtirdik, masofaviy identifikatsiyani joriy etdik va istalgan summadan investitsiya qilish imkoniyatini yaratdik. Avvaliga xizmatdan foydalanish uchun minimal chegarani 100 ming so‘mgacha tushirdik, keyin esa umuman olib tashladik, hozir hech qanday cheklov yo‘q. Endi har bir fuqaro minimal xavf va xarajat bilan investitsiya olamiga kirib borishi mumkin.
— Mijozlarni jalb qilishning qiymati (CAC) muammosini qanday hal qilmoqdasiz?
— Bu, albatta, har qanday fintex-startap uchun eng katta xarajat yo‘nalishlaridan biridir. Bizning yondashuvimiz — banklar va fintex-ilovalar bilan integratsiyani yo‘lga qo‘yish. Bu strategik jihatdan to‘g‘ri qaror bo‘ldi: biz yangi jalb qilish kanalini noldan yaratish o‘rniga allaqachon shakllangan va texnologiyadan yaxshi xabardor auditoriyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyatini qo‘lga kiritdik.
Bugungi kunda Jett 10 ta ilovaga integratsiya qilingan bo‘lib, ularning umumiy foydalanuvchilari soni 10 milliondan ortadi. 2025-yil oxirigacha bu ko‘rsatkichni 20 ta integratsiyaga yetkazishni rejalashtirganmiz. Bunday yondashuv bizga mijoz jalb qilish xarajatlarini maqbul darajada ushlab turish, shu bilan birga faol investorlar bazasini kengaytirish imkonini berdi.
Jett’ning innovatsiyalari bozor e’tiboridan chetda qolmadi. Bank va telekommunikatsiya ilovalari bilan amalga oshirilgan hamkorlik loyihasi uchun kompaniya Investitsiya institutlari milliy uyushmasi tomonidan taqdirlandi. Mukofot topshirish marosimi 2025-yil 3-may kuni bo‘lib o‘tdi. Uyushma a’zolari ushbu loyihani O‘zbekiston kapital bozori uchun «Eng yaxshi IT-innovatsiya» deb e’tirof etdilar.
— Siz moliyaviy savodxonlikning ahamiyatini ta’kidladingiz. Bu omil Jett foydalanuvchilari – investorlarning xatti-harakatiga qanchalik ta’sir qiladi?
— Juda katta darajada. Dastlabki oylarimizda oddiy interfeys texnik yordamga bo‘lgan ehtiyojni kamaytiradi, deb soddalik bilan o‘yladik. Ammo amaliyot shuni ko‘rsatdiki, murojaatlarning aksariyati texnik muammolar emas, balki bilim yetishmasligiga bog‘liq edi: «Nimani sotib olsam bo‘ladi?», «Obligatsiya nima?», «Dividendlar qanday to‘lanadi?» kabi savollar juda ko‘p bo‘ldi.
Avvaliga biz «Tez-tez beriladigan savollar» (FAQ) bo‘limini ishga tushirdik, keyin videoqo‘llanmalar tayyorladik, so‘ngra «Jett Investors Club» nomli jamiyatni tashkil etdik. Bugungi kunda unda taxminan besh ming kishi faol ishtirok etmoqda. Bu hamjamiyat investorlar o‘zaro tajriba almashadigan asosiy norasmiy maydonga aylandi va shu bilan birga mijozlarga xizmat ko‘rsatish bo‘limimizga tushadigan yukni kamaytirdi.
— Foydalanuvchi bazangiz haqida nimalar deya olasiz?
— Bugungi kunda Jett’dan 62 mingdan ortiq investor foydalanmoqda. Biz foydalanuvchilarning faolligi va demografik tarkibini hududlar hamda yosh toifalari bo‘yicha tahlil qilamiz. Ma’lumotlarimizga ko‘ra:
● Foydalanuvchilarning 25 foizi Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi. Keyingi o‘rinlarda Toshkent viloyati, Samarqand va Farg‘ona viloyatlari joylashgan.
● Asosiy yosh toifasi – 20 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan foydalanuvchilar. Eng ko‘p investitsiya operatsiyalari aynan shu guruh hissasiga to‘g‘ri keladi.
● Qiziqarli jihati shundaki, ayollar orasida 37 – 42 yosh oralig‘idagi ishtirok sezilarli darajada yuqori. Umuman olganda, 42 yoshgacha bo‘lgan ayollar auditoriyasi juda faol.

— Yaqin bir yil ichida qanday rejalaringiz bor? Kompaniyaning xalqaro bozorlarga chiqishi ham rejalashtirilganmi?
— Ayni paytda biz platformaning funksiyalarini kengaytirish ustida faol ishlayapmiz. 2025-yilda moliyaviy tashkilotlar uchun obligatsiyalarni soddalashtirilgan tarzda sotishga mo‘ljallangan texnik yechimlarni taqdim etishni rejalashtiryapmiz. Bu banklar va mikromoliya tashkilotlari uchun mablag‘ jalb qilish jarayonini sezilarli darajada yengillashtirishi mumkin.
Shuningdek, biz banklar bilan hamkorlikni kengaytirishni, ularning mobil ilovalari orqali investitsiya xizmatlarini ishga tushirishni maqsad qilganmiz. Bu borada yechimlarimizni white-label formatida taklif qilmoqchimiz va banklarni faol hamkorlikka chorlaymiz. Hozirgi sharoitda banklar uchun Jett bilan ishlash foydali, chunki o‘z investitsiya xizmatini noldan yaratish katta sarmoya talab qiladi, uni hozirgi bozor hajmi bilan qoplash esa qiyin.
Startap sifatida Jett hozirda Seed bosqichiga o‘tgan va xalqaro Plug & Play akseleratorida ishtirok etmoqda. Ayni paytda biz kapital jalb etish bo‘yicha navbatdagi investitsiya raundiga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Aprel oyida Istanbulda bo‘lib o‘tgan xalqaro Eurasia Tech Week ko‘rgazmasida ishtirok etdik. Shuningdek, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika (MENA) bozorlarini o‘rganmoqdamiz, bu hududlarda ham yoshlar va raqamli avlod orasida investitsiyalarga katta qiziqish mavjud. Biz u yerda katta salohiyatni ko‘rmoqdamiz.