Lifestyle

El-Klasiko: o‘yin «Barselona» foydasiga hal bo‘ldi

Hisob 4:3
El-Klasiko: o‘yin «Barselona» foydasiga hal bo‘ldi / Foto: «Barselona»ning X dagi rasmiy sahifasi

Ispaniya La ligasining 35-turi markaziy uchrashuvida «Barselona» o‘z maydonida «Real Madrid»ni qabul qildi. Ispaniyaning eng sovrindor ikki jamoasi o‘rtasidagi an’anaviy o‘yin 4:3 hisobida yakunlandi.

Birinchi bo‘lim: «Real» boshladi, «Barselona» javob qaytaradi

El-Klasiko odatdagidek yuqori kayfiyatda boshlandi. 6-daqiqada Kilian Mbappe penalti ishlab oldi va uni aniqlik bilan golga aylantirdi – 0:1. Shchesni to‘pga tegsa-da, uni qaytara olmadi.

15-daqiqada Mbappe dubl qayd etdi. Yamalning to‘p yo‘qotishidan so‘ng Vinisius tezkor qarshi hujum uyushtirdi va Mbappega pas uzatdi. Fransiyalik hujumchi himoyachilarni ortda qoldirib, darvozabonni ham dog‘da qoldirdi – 0:2. «Real» «Qirollik» kubogi uchun o‘ch olayotgandek ko‘rindi.

Ammo bu El-Klasiko! 20-daqiqada Erik Garsiya burchak zarbasidan keyin Torresning pasiga muvaffaqiyatli yetib bordi va to‘pni darvozaga yo‘lladi – 1:2. «Barselona» o‘ziga keldi.

33-daqiqada Yamal uzoq burchakka zarba yo‘llab hisobni tenglashtirdi. Oradan ikki daqiqa o‘tib, markazdagi to‘p yo‘qotishdan keyin Rafinya chiroyli zarba bilan «Real» darvozasining yuqori burchagiga to‘pni joyladi – 3:2.

43-daqiqada «Real» chap qanotdan xavfli hujum uyushtirdi. Bellingem Mbappega pas berdi, u esa noqulay vaziyatda bo‘lishiga qaramay de Yongning to‘sqinligidan keyin penalti ishladi. Ammo VAR aralashuvi natijasida Bellingemning ofsaydda bo‘lgani aniqlandi va penalti bekor qilindi.

45-daqiqada Rafinya ikkinchi golini urdi. U Vaskezdan to‘pni olib qo‘yib, Torres bilan ikki pas almashdi va yaqin masofadan gol urdi – 4:2.

Tanaffus oldidan Mbappe yana bir gol urdi, ammo ofsayd tufayli u ham bekor qilindi.

Ikkinchi bo‘lim: «Real» uchun hammasi xavf ostida

Ikkinchi bo‘lim taktik o‘zgarishlar bilan boshlandi. Markazni kuchaytirish maqsadida Anchelotti Modrich va Braim Dias maydonga tushirdi. Biroq «Barselona» to‘p nazoratini saqlab qoldi va xavfli vaziyatlar yaratishda davom etdi.

53-daqiqada Yamal Rafinyaning pasidan so‘ng to‘pni darvozaga yo‘lladi, biroq ofsayd tufayli gol hisobga olinmadi. «Real» bir nechta qarshi hujumlar uyushtirdi, lekin «Barselona» himoyasi ishonchli harakat qildi.

71-daqiqada Inyigo Martines markazda xatoga yo‘l qo‘ydi. Bu esa Vinisiusga Shchesni bilan yakkama-yakka chiqishga imkon berdi. U zarba bermay, Mbappega pas berdi va u xet-trikni rasmiylashtirdi – 4:3.

Qo‘shib berilgan 5-daqiqada Lopes ham dubl qayd etdi, ammo VAR bu golni ham bekor qildi. Bu «Barselona»ning g‘alabasiga ta’sir ko‘rsatmadi.

El-Klasiko 2024/25: Uchrashuvlar statistikasi

2024/25-yilgi mavsumda «Barselona» va «Real» o‘zaro to‘rtta El-Klasikoda bahs olib bordi – barchasida «Barselona” g‘alaba qozondi.

Umuman olganda, ikki jamoa 261 marta to‘qnash kelgan. «Real Madrid» 105 marta, «Barselona» esa bugungi g‘alabasi bilan 104 marotaba g‘olib bo‘lgan. 52 o‘yin durang bilan yakunlangan.

Urilgan gollar sonida ham farq minimal: «Real» 440, «Barselona» esa 435 gol urgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Inter» qo‘shimcha daqiqalarda «Barselona»ni dog‘da qoldirgani haqida yozgandi.