Elektromobillarni quvvatlash stansiyasini o‘rnatish uchun pora talab qilgan mas’ullar hibsga olindi

Toshkent shahrining Chilonzor tumanida joylashgan elektr tarmog‘i kompaniyasining ikki xodimi elektromobillarni quvvatlash stansiyasini o‘rnatish uchun tadbirkordan $15 ming miqdorida pora talab etganlikda gumon qilinib, qo‘lga olindi. Bu haqda poytaxt Ichki ishlar boshqarmasi xabar bermoqda.
Tergovga ko‘ra, kompaniya xodimlari tadbirkorga zaryadlash stansiyasini o‘rnatish bo‘yicha ruxsat olishda yordam berishni va’da qilib, $15 ming miqdorida pora talab qilishgan. Ularning biri bosh muhandis lavozimida ishlagan, ikkinchisi esa elektrchi bo‘lgan.
Ushbu ikki shaxs poraning $10 minglik qismini naqd pulda olishayotgan paytda qo‘lga olingan. Ularning har biri tergov davomida o‘z jinoyatlarini tan olib, hamkasblarini ham bunday noqonuniy faoliyatdan saqlanishga chaqirishgan.
Mazkur holat bo‘yicha tergov ishlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri elektromobillarni quvvatlantirish narxi qimmatlagani haqida yozgan edi.