
Nogironligi bo‘lgan fuqarolarning bandligini oshirishga qaratilgan qo‘shimcha choralar belgilandi. Bu haqda prezident farmoni e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, farmon bilan nogironlar uchun maxsus xizmatlar tizimini yo‘lga qo‘yish, nogiron yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish va ishga joylashish imkoniyatlarini kengaytirish belgilandi.
Shuningdek, 2025-yil oxirigacha 80 ming nafar nogiron shaxsning barqaror bandligi ta’minlanadi.
1-iyundan boshlab, I va II guruh nogironlarni ishga olgan tadbirkorlarga 50 million so‘mgacha subsidiya ajratiladi. Subsidiyalar surdotarjimon, psixolog va hamrohlik xizmatlari xarajatlarini qoplashga yo‘naltiriladi.
Jismoniy shaxslarga hamrohlik xizmatini o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ko‘rsatishga ruxsat etiladi. Bundan tashqari, «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimida mehnatga layoqatli nogironlarning elektron reyestri yuritiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan ayrim ijtimoiy xizmatlar xarajati endi vaucher orqali qoplab berilishi haqida yozgandi.