
Mahr nima o‘zi? Uning muhimligi va qiymati nimada? Ba’zilar uchun bu odat – kelinga hurmat belgisini ifodalaydi. Ba’zilar uchun shunchaki rasmiyatchilik, ayrimlar esa uni ajrim paytida bosim o‘tkazish usuli deb hisoblaydi.
Kursiv Uzbekistan ayollar, oilalar, imom va mutaxassislar bilan suhbatlashib, O‘zbekistonda mahr qanday ishlashi, nima uchun u hanuzgacha jamiyatda bahsli va turlicha munosabatlarga sabab bo‘layotganini aniqlashga harakat qildi.
Mahr mojarosi
Besh yil oldin Gulchehrani qo‘shni qishloqdagi Rustam ismli yigitga uzatishdi. Unashtiruv marosimida kuyov unga qizil toshli oltin uzuk sovg‘a qilgan edi.
«Uzuk juda katta edi, hamma menga havas qilardi», – deya eslaydi ayol.
Biroq to‘ydan keyin taqinchoq soxta ekani ma’lum bo‘ldi. Gulchehraning qalbidagi quvonch tez orada aldanish va kamsitilish tuyg‘usiga aylandi. Qaynona uzr so‘rash o‘rniga haqiqiy uzukni olishdan avval o‘z «qadriyatini» isbotlashga harakat qildi. Gulchehra na kuyovning oilasidan, na kuyovning o‘zidan qo‘llab-quvvatlash ko‘rdi.
Bu voqeadan so‘ng janjallar odatiy holga aylandi. To‘ydan to‘rt oy o‘tib, Gulchehra uyiga ketishga qaror qildi.
«Meni aldashganini tushunganimda, ruhiy iztiroblarimning sababi shunchaki uzuk emas, balki meni osongina kamsitishgani bo‘ldi», – deydi u.
To‘y vaqtida Rustam moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan. U xotini uchun uzukni o‘zi tanlashni istagan. Chunki bu uzuk hurmat ramzi va o‘ziga xos mahr bo‘lishi kerak edi. Ammo onasi taqinchoqni o‘zi tanlash qarorida qattiq turib oldi. Rustam esa oqibatlari haqida o‘ylamay, onasining gapiga quloq tutdi.
Gulchehra uzuk soxta ekanini bilganida esa, hammasi batamom tugagandi.
«Bu bizning obro‘yimizga putur yetkazdi. Mahr – bu va’da, men bu va’dani bajara olmadim», – deya tan oladi Rustam.
Ayoli bilan janjallar tez-tez takrorlanib turdi. Onasini oqlashga harakat qilishiga qaramay, Rustam Gulchehraning ishonchini qaytara olmadi. Mahr ajrim sababiga aylandi.
Mahr ortga qaytmoqda
Fuqarolik ishlari bo‘yicha yurist va advokat Firuza Jalilovaning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda ajrim jarayonlarida mahr va qalin masalalari tez-tez ko‘tarilmoqda. Xususan, er yoki uning ota-onasi kelindan mahrni, qalinni qaytarishni va to‘y xarajatlarini qoplashni talab qilmoqda. Mahr bilan bog‘liq masalalar, ayniqsa, so‘nggi yillarda dolzarb bo‘lib qolgan.
«Avvallari, taxminan 10 – 12 yil oldin, ajrim vaqtida «mahr» degan so‘z deyarli tilga olinmasdi. Hozir esa 50 – 60% holatlarda bu so‘zni bir necha marta eshitish mumkin. Ko‘pincha er-xotin uni qaytarishni talab qiladi. Biroq bizda dunyoviy sud tizimi bo‘lganligi sababli, mahr bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqilmaydi», – deya tushuntiradi Firuza.
Uning aytishicha, so‘nggi vaqtlarda mahr atrofida o‘ziga xos «moda» paydo bo‘lgan. Yosh qizlar tortinmasdan kuyovdan uy, kvartira yoki mashina so‘rashmoqda. Ba’zilari esa hatto rasmiy nikohdan o‘tishni istamasdan, ikkinchi xotin bo‘lishni afzal ko‘rishmoqda.
Go‘zal – Toshkentdagi universitetlardan birining talabasi. Bu yil o‘qishni tugatib, turmushga chiqishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. U mahr haqida yetarli tushunchaga ega va uni zarur deb hisoblaydi. Ammo uning so‘zlariga ko‘ra, mahrga qaraganda uning miqdori muhimroq.
«Asosan, oltin uzuk yoki zanjir meni qoniqtiradi, ammo men ikki xonali kvartira so‘rashni xohlar edim. Bu o‘ziga xos kafolat ya’ni, agar nikoh barqaror bo‘lmasa, men ota-onamning uyiga qaytmayman, balki o‘z uyimga ko‘chib o‘taman», – deydi Go‘zal.
Mahr – bu ayolning mulki
O‘zbekiston Musulmonlari idorasi xodimi, imom Yaqub Buxorboevning tushuntirishicha, O‘zbekistonda minimal mahr taxminan 2 million so‘mni (taxminan $150) tashkil etadi. Biroq bu faqat eng past chegaradir – aniq summa kuyovning moliyaviy imkoniyatlariga bog‘liq bo‘ladi.
«Mahr – bu erning xotiniga nikoh payti beriladigan majburiy sovg‘asi. U zargarlik buyumlaridan tortib, ko‘chmas mulkka qadar ramziy yoki katta hajmda bo‘lishi mumkin. Asosiysi, mahr faqat xotinga tegishli bo‘ladi va ajralganda ham qaytarilmaydi. Bu o‘ziga xos moliyaviy himoya», – deydi Buxorboyev.
Mahr bitimdek ko‘rilmoqda: sovchining qarashi
Nigora 50 yoshda va u professional sovchi. 20 yildan beri yuzlab juftliklarga turmush qurishiga yordam bergan. Uning aytishicha, bugungi kunda qizlar ancha manfaatparast bo‘lib qolgan. Aksariyati ishlashni istamaydi va oilani faqat erkak ta’minlashi kerak, deb hisoblaydi.
«Oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan qizlar ko‘pincha kuyovdan katta mahr – uy, kvartira yoki mashina talab qilishadi. O‘ylaymanki, ular pul topish naqadar qiyinligini tushunmagani uchun shunday. Aksincha, o‘qimishli qizlar odatda ramziy mahr so‘rashadi – ular pulning qadrini bilishadi», – deydi Nigora.
Nigoraning tushuntirishicha, dastlab mahr ayollarni himoya qilish maqsadida joriy etilgan. Ayniqsa, o‘tmishda, erkaklar urushda halok bo‘lib, xotini va farzandlarini hech qanday ta’minotsiz qolib ketgan hollarda ayol o‘ziga berilgan mahrdan foydalangan. Uning fikricha, eng to‘g‘ri yo‘l – bu nikoh shartnomasini tuzish, chunki u mahrning dunyoviy shakli hisoblanadi. Mojaro yoki ajrim yuzaga kelganda, og‘zaki kelishuvlarga qaraganda yozma shartnoma yuridik kuchga ega bo‘ladi.
Advokat Amrullo Ahmedov Nigoraning so‘zlarini tasdiqlaydi: O‘zbekistonda qonun erkakni mahr berishga majbur qilmaydi, agar mahr allaqachon berilgan bo‘lsa, ajrashgandan keyin uni qaytarib olish imkoni yo‘q. Odatda bunday masalalar sudgacha yetib bormaydi – ular mahalla doirasida, oqsoqollar va faollar ishtirokida hal qilinadi.
Mahrga bo‘lgan qiziqishning ortib borishi: mutaxassislar fikri
Tarixchi Nigora Xidoyatovaning ta’kidlashicha, jamiyatda mahrga bo‘lgan qiziqish keskin ortdi, bu esa diniy ta’sirning kuchayishi fonida yuz bermoqda.
«Afsuski, Markaziy Osiyodagi hech bir davlat hanuzgacha feodalizmni to‘liq yenga olmadi va ruhoniylar yana hal qiluvchi rolni o‘ynay boshladi. Islom faqat ma’naviy emas, balki dunyoviy institutlarni ham o‘rnini bosayotgan kuchga aylandi», – deydi ekspert.
Xidoyatovaning fikricha, mahr hodisasining kuchayishi dunyoviy institutlarning zaifligi va shariat ta’sirining ortib borayotganidan dalolat beradi.
O‘zbekiston fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti katta ilmiy xodimi Ravshan Nazarovning fikricha, mahrni O‘zbekistonda fuqarolik nikoh shartnomasining bir qismi sifatida dunyoviy huquqiy tizimga integratsiya qilish kerak. Bu, ayniqsa, ayollarning nikoh va mulk bilan bog‘liq huquqiy savodxonligini oshirish nuqtai nazaridan muhimdir.
Uning aytishicha, imomlar va diniy yetakchilar bilan tushuntirish ishlarini olib borish lozim – ular odamlar tushunadigan tarzda mahr rasmiy nikohga muqobil emasligu, balki uning to‘ldiruvchisi ekanini aytishlari kerak. Agar odamlar faqat nikoh o‘qitish bilan cheklanib, fuqarolik nikohini ro‘yxatdan o‘tkazmasalar, bu holat ayniqsa, ayollar huquqlarining buzilishiga olib kelishi mumkin.
«Mahr muayyan darajada himoya vositasi bo‘lishi mumkin, biroq u to‘liq huquqiy tizimning o‘rnini bosa olmaydi», – deya ta’kidlaydi ekspert.
Boboyor Turaev xavfsizlik va siyosiy psixologiya sohasidagi mutaxassis. U mamlakatdagi ajrimlar darajasining yuqori ekanini ta’kidlaydi.
«Oilaviy qadriyatlar rasmiy targ‘ib qilinishiga qaramay, mamlakatda ajrimlar soni oshmoqda. Bu ko‘pincha erta nikoh va iqtisodiy qiyinchiliklar bilan bog‘liq. Yanada chuqurroq ma’noda esa bu holat jamiyatdagi xavotir, ishonchsizlik va ijtimoiy beqarorlik mavjudligidan dalolat beradi», – deydi u.
Uning fikriga ko‘ra, odamlar psixologik barqarorlikni tanish va tushunarli ramzlar orqali izlaydilar. Mahr O‘zbekistonda shunday ramzlardan biriga aylanmoqda.
Mahr turli mamlakatlarda: an’analar va farqlar
Lin Al-Xatib, Damashqdan kelgan suriyalik ayol, Suriya davlatida mahr ikki qismga bo‘linishini aytadi. Biri nikohdan oldin to‘lanadi, ikkinchisi esa ajrashish vaqtida. 2015-yilda nikoh tuzilganda uning otasi va kuyovning otasi, nikohdan oldin beriladigan hadya $2 ming bo‘lishiga qaror qilishgan.
2022-yilda yetti yillik turmushdan so‘ng, ajrashganidan keyin u $4 ming miqdorida mahrni olgan. Bu uning yagona moliyaviy himoyasi bo‘lgan.
«Ayol erkakning istagi bo‘lmasa, ajrashish uchun ariza bera olmaydi. Ammo agar u shartlarni buzsa, ayol kompensatsiya olish huquqiga ega», – deydi Lin.
Mujib Kallayi – Hindistonning Kerala shahrida yashovchi musulmon. U 31 yoshda. O‘tgan yil u turmush qurgan. Uning madaniyatida, nikoh – bu ikki insonning ittifoqi emas, balki ikki oilaning birlashuvi. Ularning hududida kuyov oltin bilan keladi, kelin esa ishonch bilan.
Mujibning so‘zlariga ko‘ra, ularning an’analarida ba’zi arab mamlakatlaridagi kabi nikoh shartnomalari yoki yozma kelishuvlar mavjud emas.
«Hammasi og‘zaki ravishda, ishonch va hurmat asosida hal qilinadi. Biroq bitta majburiy element bor – mahr bu kuyovning keliniga taqdim etishi kerak bo‘lgan oltin hadyasi», – deydi u.