
Ispaniyalik olimlar sun’iy intellekt yordamida genlarni boshqaradigan yangi DNK molekulalarini ishlab chiqdilar. Bu haqda CRG ma’lum qildi.
Ushbu DNK parchalari sog‘lom sutemizuvchilarning hujayralarida genlarni yoqish yoki o‘chirishga qodir. Bu texnologiya ildiz hujayralarini kerakli hujayralarga aylantirish, masalan, qon hujayralariga aylantirish imkonini beradi.
Sun’iy intellekt maxsus «enhancer» deb ataluvchi DNK ketma-ketliklarini yaratdi. Ular genlarning aynan qaysi hujayralarda faol bo‘lishini boshqaradi. Olimlar bu molekulalarni kimyoviy yo‘l bilan yaratib, sichqonlarning qon hujayralariga yuborishdi. Natijada genlar aniq va kerakli joyda faollashgani kuzatildi.
Mutaxassislar ushbu texnologiya saraton, autoimmun kasalliklar kabi genlar bilan bog‘liq xastaliklarni davolashda yangi davrni boshlab berishini ta’kidlashmoqda. Sun’iy intellekt biologiyani «dasturlash» imkonini yaratib, tabiiyda mavjud bo‘lmagan gen nazoratini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Olimlar og‘riq uzatadigan sun’iy asab tizimi modelini kashf qilgan edi.