Talaba qizlarga maxsus yangi stipendiya tayinlanadi

2025-yil 1-iyundan «qizil» toifaga kiruvchi kam ta’minlangan oilalarning «a’lo» baholarda o‘qiyotgan talaba qizlariga bazaviy stipendiyaning 2 baravari (750 ming so‘m) miqdorida maxsus stipendiya to‘lanadi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
2025-yil 1-sentabrdan esa maktabdagi uzaytirilgan kun guruhlariga qatnaydigan bolalar sonining 15 foizi miqdorida kam ta’minlangan oilalar farzandlari uchun alohida kvota ajratiladi va ular to‘lovdan ozod qilinadi.
Shuningdek, 2026-yil 1-yanvardan boshlab «a’lo» o‘quv ko‘rsatkichiga ega bo‘lgan kam ta’minlangan oilalar farzandlari kasaba uyushmalari tizimidagi oromgohlarda bepul dam olib, sog‘lomlashtiriladi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi esa ushbu yordam va xizmatlarni muvofiqlashtiruvchi vakolatli davlat organi hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «TOP – 100» universitetlarga o‘qishga kirganlarga imtihonsiz stipendiyalar ajratilishi haqida yozgan edik.