Qatar qirollik oilasi Trampga Boeing 747-8 samolyotini sovg‘a qilmoqchi

AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Qatar qirollik oilasidan Boeing 747-8 samolyotini sovg‘a sifatida qabul qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Reuters ma’lum qildi.
Mazkur hashamatli samolyot vaqtincha Air Force One sifatida xizmat qilishi kutilmoqda. Tramp bu samolyotni keyinchalik o‘zining prezidentlik kutubxonasiga topshirishni rejalashtirgan.
$400 mln qiymatga ega bo‘lgan samolyot AQSH hukumatining eng qimmat sovg‘alaridan biri bo‘lishi mumkin. Biroq bu qaror Demokratlar partiyasi va ayrim jamoatchilik faollari tomonidan tanqid qilindi. Ularning fikricha, bu xorijiy ta’sir va konstitutsiyaga zid harakat bo‘lishi mumkin.
Oq uy va Qatar rasmiysi hozircha yakuniy qaror qabul qilinmaganini bildirdi. Tramp fevral oyida Florida shtatida mazkur samolyotni ko‘zdan kechirdi. U Qatar bilan yaqin orada uchrashuv o‘tkazishni rejalashtirmoqda, biroq sovg‘a aynan o‘sha paytda qabul qilinmasligi ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh noqonuniy migrantlarga bepul aviachipta va $1000 taklif etgani haqida yozgan edik.