Xitoy O‘zbekistonda transport vositalarini sinovdan o‘tkazish markazini tashkil etishni rejalashtirmoqda

Xitoyning GAC kompaniyasi O‘zbekistonda transport vositalarini sinovdan o‘tkazish markazini tashkil etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda «Dunyo» AA xabar bermoqda.
Xitoyning yirik avtomobilsozlik korporatsiyasi – GAC kompaniyasi Toshkent davlat texnika universiteti (TDTU) bilan hamkorlikda O‘zbekistonda yangi energiya manbalarida harakatlanadigan transport vositalarini sinovdan o‘tkazish va sertifikatlashtirish bo‘yicha innovatsion o‘quv markazi tashkil etishni rejalashtirmoqda.
Mazkur tashabbus TDTU hamda Guandun sanoat va savdo instituti o‘rtasida o‘tkazilgan onlayn muzokaralar chog‘ida muhokama qilindi. Tomonlar o‘zaro akademik aloqalarni kengaytirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini ko‘rib chiqqan.
Shuningdek, 3+1 shaklida qo‘shma ta’lim dasturini yo‘lga qo‘yish va diplomlarni o‘zaro tan olish mexanizmini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.
Xitoy delegatsiyasining 2025-yil iyun oyida O‘zbekistonga tashrifi rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu tashrif davomida loyiha doirasida tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlik masalalari muhokama qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Otabek Maxkamov boshchiligidagi delegatsiya Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoniga xizmat safari uyushtirgani haqida yozgan edi.