«Atalanta» – «Roma» 2:1. Shomurodov qanday o‘ynadi?

eʼlon qilindi
Rimliklarning yagona goliga Kristante mualliflik qildi
«Atalanta» – «Roma» uchrashuvi qanday yakunlandi / Foto: Roma’ning X’dagi sahifasi

A seriyaning 36-turidan o‘rin olgan «Atalanta» – «Roma» uchrashuvi mezbonlarning 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.

Rimliklar hujumchisi Eldor Shomurodov Artem Dovbik bilan birga asosiy tarkibda maydonga tushdi. Hamyurtimizning hujumdagi o‘yini kutilganidek bo‘lmasa-da, u himoyada a’lo darajada harakat qildi va 54-daqiqada Bellanovaning to‘pini to‘sib oldi.

88-daqiqada Raneri Eldorni Stefan El-Shaaravi bilan almashtirdi.

«Atalanta» – «Roma» uchrashuvi

Bergamoda bo‘lib o‘tgan «Atalanta» – «Roma» o‘yini keskin kurashlarga boy bo‘ldi. 9-daqiqadayoq Ademola Loukman hisobni ochdi – De Ketelaerening uzatmasidan so‘ng u jarima maydonchasiga kirib bordi va Svilarga hech qanday imkoniyat qoldirmay darvoza burchagiga aniq zarba berdi .

«Roma» birinchi bo‘lim o‘rtalarida javob qaytardi. 32-daqiqada Matias Sule jarima maydonchasiga to‘p uzatdi, bunda Brayan Kristante De Run bilan kurashda g‘alaba qozondi va to‘pni boshi bilan darvozaga yo‘lladi – 1:1.

Zaxiradan maydonga tushgan Ibrohim Sulemon hujumga muvaffaqiyatli qo‘shildi va darvoza burchagiga aniq zarba berdi – 2:1.

Turnir jadvali

A Seriyaning 36-turidan o‘rin olgan o‘yindan so‘ng «Atalanta» 71 ochko jamg‘arib, uchinchi o‘rindagi o‘rnini mustahkamladi.

«Roma» 63 ochko bilan 6-o‘ringa tushib ketdi va durang o‘ynagan «Latsio» hamda «Yuventus»dan ortda qoldi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri WhoScored portali «Roma» futbol klubining o‘zbekistonlik hujumchisi Eldor Shomurodovni Italiya chempionati (A Seriya) 35-hafta ramziy terma jamoasiga kiritgani haqida yozgan edi.

Shuningdek