
O‘zbekiston avtomobil bozorida ommabop hisoblangan (2024-yilda 127,2 mingta avtomobil zavoddan egalariga topshirilgan) Chevrolet Cobalt qo‘shni davlatlarda qanday narxda sotilmoqda? Kursiv Uzbekistan bu modelning mintaqadagi birlamchi va ikkilamchi bozordagi narxlarini taqqosladi.
Qozog‘iston

O‘zbekiston shimolidagi geografik jihatdan katta hududga ega ushbu mamlakat yo‘llarida turli ko‘rinishdagi avtomobillarni uchratasiz. Ammo iqtisodiyoti O‘zbekistonga yaqin bo‘lgan bu davlatda Chevrolet Cobalt ommabop sedanlar orasida mashhur. Avtomobil eng mashhur modellardan biri bo‘lib, yil davomida 26,5 ming dona sotilgan.
Bozor turi | Yili | Narxi (USD) | Izoh |
---|---|---|---|
Birlamchi bozor | 2025 | ~ $16,470 | Yangi, salon orqali |
Ikkilamchi bozor | 2023 | ~ $14,500 | 2 yillik, yaxshi holatda |
Qirg‘iziston

Avtobozori nisbatan erkin, xorij modellariga talab yuqori bo‘lgan bozorga ega. Mamlakatda Chevrolet’ning rasmiy dileri mavjud.
Bozor turi | Yili | Narxi (USD) | Izoh |
---|---|---|---|
Birlamchi bozor | 2025 | ~ $13,700 | Yangi, salon orqali |
Ikkilamchi bozor | 2023 | ~ $8,500 | 2 yillik, yaxshi holatda |
Narxning hamyonbop bo‘lishining siri sedan mahalliy yig‘ilishida. Cobalt, Chevrolet Onix va Tracker modellari Bishkekdan 50 km uzoqlikda joylashgan Chuy viloyatidagi Oq-suv qishlog‘idagi zavodda yirik blokli usulda yig‘iladi.
O‘zbekiston

Mamlakat avtosanoati rivojlangan, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning modellari bilan birgalikda xorij avtoulovlariga ham talab ortgan. Shunday bo‘lsa-da, Cevrolet Cobalt haliyam eng ommabop sedan hisoblanadi.
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning yanvar – mart oylarida ikkilamchi bozorda Cobalt avtomobilining o‘rtacha foydalanilgani $339 ga ($12,3 mingdan $12 mingga), ko‘p foydalanilgani $100 ga ($11,6 mingdan $11,5 mingga), kam foydalanilgani $70 ga ($12,75 mingdan $12,68 mingga) pasaygan.
Bozor turi | Yili | Narxi (USD) | Izoh |
---|---|---|---|
Birlamchi bozor | 2025 | ~ $11,400 | Yangi, salon orqali |
Ikkilamchi bozor | 2023 | ~ $13,600 | 2 yillik, texnik jihatdan to‘ldirilgan |
Tojikiston

Tojikiston ham barcha turdagi avtomobillarni uchratish mumkin. Chevrolet Cobalt avtomobilini rasmiy dilerlar orqali xarid qilish imkonsiz. Agar siz boshqa davlat orqali yangi Cobalt’ni mamlakatga olib kirish haqida o‘ylasangiz qo‘shimcha boj to‘lovlarini amalga oshirishingiz kerak. Modelning yangi versiyasini bu davlatda topish qiyin.
Bozor turi | Yili | Narxi (USD) | Izoh |
---|---|---|---|
Birlamchi bozor | – | – | – |
Ikkilamchi bozor | 2022 | $8,600 | 3 yillik, yaxshi holatda |
Rossiya

Rossiya Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan Chevrolet Cobalt sedanini parallel import orqali yetkazib berishni davom ettirmoqda. Uning boshlang‘ich narxi 1,57 million rublni ($15,9 ming) tashkil etadi.
Bozor turi | Model yili | Uzatish qutisi | Narx (AQSh dollari) |
---|---|---|---|
Birlamchi | 2025 | Avtomat | $15,9 ming |
Ikkilamchi | 2023 | Avtomat | $12,6 ming |
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Cobalt avtomobilining tarixi haqida maqola e’lon qilgan edi.