
Chet elga tashkillashtirilgan tarzda ishga yuborilgan, ammo xorijiy davlat qonunlarini buzib, deportatsiya qilingan fuqarolarga nisbatan yangi tartib joriy etildi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, deportatsiya qilingan fuqaro Migratsiya jamg‘armasi hisobidan vatanga qaytarilgan taqdirda, bu bilan bog‘liq xarajatlar fuqarodan undiriladi. Jamg‘arma hisobidan berilgan subsidiya va kompensatsiyalar ham qaytarib olinadi.
Shuningdek, deportatsiyadan so‘ng bir yilgacha rivojlangan davlatlarga tashkil etilgan tartibda ishga yuborish xizmatlari ko‘rsatilmaydi.
Chet elga ishga yuborish bo‘yicha shartnomada shartlarni bajarmaganlik uchun jarima belgilanishi, shuningdek, uchinchi shaxslarning kafilligi talab qilinadi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekiston Rossiyada mehnat qilayotgan o‘z fuqarolari huquqlarining buzilishi holatlari ko‘payib borayotganidan xavotirda ekanligi haqida yozgandi.