HUMO tokeni sinovdan o‘tkazilmoqda

O‘zbekistonda davlat obligatsiyalari bilan bog‘langan yangi raqamli aktiv – HUMO tokeni sinovdan o‘tkazilmoqda. Bu haqda Humo ma’lum qildi.
HUMO tokenining asosiy jihati – u suveren obligatsiyalar bilan to‘liq ta’minlangan bo‘ladi. Bu tuzilma token narxining sun’iy tebranishlaridan himoyalanishni ta’minlab, barqaror qiymat saqlanishiga xizmat qiladi. Loyihaning barcha bosqichlari O‘zbekistonning amaldagi kriptoaktivlar to‘g‘risidagi me’yoriy hujjatlariga to‘liq muvofiq ishlab chiqilgan.
Yangi tokenni ishlab chiqishda bir nechta muhim hamkorlar ishtirok etmoqda. Ular orasida O‘zbekistonda 35 milliondan ortiq karta egalariga xizmat ko‘rsatadigan HUMO to‘lov tizimi ham bor. HUMO tizimining banklar, savdogarlar va chakana sektor bilan keng integratsiyasi ushbu raqamli tokenning ommaviy qabul qilinishiga zamin yaratmoqda. Texnik infratuzilmani Asterium va Broxus kabi kompaniyalar ta’minlayapti. Ayniqsa, Broxus ishlab chiqqan Tycho blokcheyn protokoli tranzaksiyalarning yuqori tezligi va arzonligi bilan ajralib turadi. Bu esa hukumat darajasidagi loyihalar uchun muhim afzallik hisoblanadi.
HUMO tokenining afzalliklari qatoriga shaffoflik, operatsiyalar tezligi va xarajatlarni kamaytirish kiradi. Token ommaviy blokcheynga asoslangan bo‘lib, tranzaksiya ma’lumotlari ochiq tarzda qayd etiladi.
HUMO raisi Aleksey Maksimovning so‘zlariga ko‘ra, token aholining moliyaviy tizimga bo‘lgan ishonchini oshiradi, tranzaksiyalarni soddalashtiradi va firibgarlik xavfini kamaytiradi. Asterium kompaniyasi rahbari Komilxo‘ja Sultonov esa loyihani yangi moliyaviy tizimning poydevori sifatida baholab, zamonaviy texnologiyalarni kundalik moliyaviy jarayonlarga joriy qilishni asosiy maqsad sifatida ko‘rsatdi. Broxus asoschisi Sergey Shashev esa Tycho blokcheynining xavfsizlik va ishonchlilikka asoslangan yechimlari haqida so‘z yuritdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Aleksey Maksimov Humo toʻlov tizimi rahbari etib tayinlangani haqida xabar bergan edi.