Sport

Muxlislar ogohlantirildi: BAAdagi o‘yinga chiptalar hali rasman sotilmagan

chiptalar
Muxlislar ogohlantirildi: BAAdagi o‘yinga chiptalar hali rasman sotilmagan / Foto: Toshkent shahar IIB

O‘zbekiston milliy terma jamoasining 2026-yilgi Jahon chempionati saralash bosqichidan o‘rin olgan Birlashgan Arab Amirliklariga qarshi o‘yini oldidan ayrim sayyohlik kompaniyalari tomonidan muxlislarga «chipta kafolatlangan» turpaketlar taklif qilinayotgani yuzasidan ogohlantirish berildi.

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi holatga munosabat bildirar ekan, hozirgi vaqtda mazkur o‘yinga chiptalar rasman sotuvda emasligini ma’lum qildi.

«E’tibor bering: BAAdagi o‘yinga chiptalar hozirda rasman sotilmayapti», – deyiladi bosh boshqarma bayonotida.

Huquq-tartibot organlari muxlislarni ehtiyot bo‘lishga, shubhali va kafolatsiz takliflarga ishonmaslikka chaqirdi. Firibgarlik holatlarining oldini olish maqsadida fuqarolarga rasmiy manbalar orqali ma’lumot olish tavsiya etilmoqda.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston milliy terma jamoasi 5-iyun kuni Abu-Dabidagi «Al-Nahyan» stadionida BAA terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan 21:00 da boshlanadi. JCH-2026 saralash bosqichida O‘zbekiston terma jamoasiga keyingi bosqichga chiqish uchun durang ham yetarli bo‘ladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 9 kishi bo‘lib bir taym o‘ynagan O‘zbekiston Osiyo kubogi g‘olibiga aylangani haqida xabar bergan edi.