«Rosatom» O‘zbekistondagi ilk AES uchun 205 tonnalik reaktor detali tayyorladi

eʼlon qilindi
Ushbu element Sankt-Peterburgdagi “AEM-Spetsstal” zavodida ishlab chiqarildi
O‘zbekistonda kichik quvvatli atom elektr stansiyasi qurilishi boshlandi / Foto: «Rosatom» korporatsiyasi

Rossiyaning «Rosatom» korporatsiyasi O‘zbekistonda qurilayotgan kichik quvvatli atom elektr stansiyasi (AES) uchun ilk reaktor detali – 205 tonnalik maxsus po‘lat quyma flanetsni tayyorladi. Bu haqda korporatsiya rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.

Ushbu element Sankt-Peterburgdagi «AEM-Spetsstal» zavodida ishlab chiqarildi va «RITM-200N» reaktor qurilmasining tarkibiy qismi hisoblanadi.

RITM-200N – 55 MVt quvvatga ega bo‘lgan, 60 yil xizmat muddati bilan yer usti foydalanishiga moslashtirilgan yadroviy reaktor bo‘lib, ilgari Rossiya atom muzqaytiruvchi kemalarida muvaffaqiyatli sinovdan o‘tgan. O‘zbekistonda esa bunday oltita reaktorli kichik quvvatli AES Jizzax viloyatida barpo etiladi.

2024-yil may oyida Rossiya va O‘zbekiston prezidentlari huzurida ikki davlat o‘rtasidagi atom hamkorligini kengaytirish bo‘yicha protokol imzolandi. Oradan ko‘p o‘tmay, «Rosatom» tarkibidagi «Atomstroyeksport» kompaniyasi va O‘zbekistonning «AES qurilishi direksiyasi» o‘rtasida rasmiy qurilish shartnomasi tuzildi.

2025-yil aprel oyida stansiya qurilishi uchun muhim infratuzilmalar – qurilish-montaj bazasi va yig‘uv sexlari barpo etila boshlandi. Loyihaning texnologik bosqichlari belgilangan grafik asosida davom ettirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda AES qurilishi bo‘yicha Xitoyda uch tomonlama muzokaralar boshlangan edi.

Shuningdek