Prezident Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakilini qabul qildi

Shavkat Mirziyoyev Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Eduards Stipraysni qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, uchrashuvda YIning yuqori martabali rahbarlari — Yevrokengash prezidenti Antoniu Koshta va Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayenning salomlari yetkazildi.
Tomonlar Samarqandda bo‘lib o‘tgan «Markaziy Osiyo – YEI» sammiti qarorlarini amalga oshirish, hamkorlik loyihalarini ilgari surish va 12 mlrd yevrolik tashabbuslarni tezkor tayyorlash masalalarini muhokama qildilar.
Shuningdek, mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar va bo‘lajak tadbirlar rejasi ko‘rib chiqildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident Bryusseldagi «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» iqtisodiy sammitida ishtirok etishi haqida yozgan edik.