
Sony kompaniyasi yangi avlod flagman smartfoni — Xperia 1 VII’ni rasman taqdim etdi. Bu haqda ITHardWare nashri ma’lum qildi.

Ushbu qurilma α (Alpha) kameralar, Walkman pleyerlari va BRAVIA televizorlari ustida ishlagan tajribali jamoalar ishtirokida yaratilgan. Xperia seriyasida birinchi bo‘lib Xperia Intelligence nomli sun’iy intellekt tizimi bilan jihozlangan.
Smartfonning orqa panelida uchta kamera joylashgan: 48 megapikselli, 1,56 dyuymli sensorli ultra keng burchakli modul, Exmor T matritsali 24/48 mm asosiy kamera va 85–170 mm oralig‘idagi teleob’yektiv. Ushbu tizim sun’iy intellekt yordamida tasvirni barqarorlashtiradi va harakatdagi obyektlarni doimiy ravishda kadr markazida ushlab turadi. Shuningdek, video yozuvda avtomatik kadr tanlash funksiyasi mavjud bo‘lib, bir vaqtning o‘zida keng burchakli va obyektga yo‘naltirilgan ikkita videoni yozib oladi.

Displey atrof-muhit yorug‘ligiga moslasha oladigan yangi yorug‘lik sensori bilan jihozlangan. Smartfon kuchli Snapdragon 8 Elite chipi asosida ishlaydi va energiyani optimallashtirish orqali ikki kungacha mustaqil ishlay oladi.
Sony kompaniyasi foydalanuvchilarga to‘rt yil davomida operatsion tizim yangilanishlari va olti yilgacha xavfsizlik yangilanishlarini taqdim etishga va’da bermoqda.

Xperia 1 VII smartfoni 2025-yilning yozida sotuvga chiqadi. U qora, to‘q pushti va yashil ranglarda taqdim etiladi. Narxi esa sal kam 1,5 ming yevroni tashkil etadi. Qurilma bilan birga uch xil rangda yangi QXZ-CBFS g‘ilofi va stendi ham beriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vivo Y300GT smartfoni haqida yozgan edik.