Xorijiy farmatsevtika kompaniyalari O‘zbekistonda dorilarni markirovkalash jarayoniga qanday qo‘shildi

eʼlon qilindi
O‘zbekistonda 2022-yil 1-sentabrdan boshlab dori vositalarini majburiy markirovkalash joriy etildi / Foto: Roman Fedotov / Kursiv Uzbekistan

O‘zbekistonda dori vositalari va tibbiy buyumlarni majburiy markirovka qilish 2022-yil 1-sentabrdan boshlangan. Biroq mamlakatda faoliyat yuritayotgan qator xorijiy farmatsevtika kompaniyalari o‘z mahsulotlarini tajriba-sinov bosqichidayoq markirovkalashni boshlagan edi. Jarayon davomida ular qanday muammolarni yengib o‘tdi va aynan qaysi keyslar muvaffaqiyatli deb e’tirof etilmoqda? Bu haqda Kursiv Uzbekistan Xorijiy farmatsevtika kompaniyalari va ishlab chiqaruvchilarining O‘zbekistondagi vakolatxonalari Assotsiatsiyasi direktori Muhabbat Asqarova bilan suhbatlashdi.

Xorijiy farmatsevtika kompaniyalari va ishlab chiqaruvchilarining O‘zbekistondagi vakolatxonalari Assotsiatsiyasi direktori Muhabbat Asqarova / Foto: Kursiv Uzbekistan

— Muhabbat Akbarovna, xorijiy farmatsevtika kompaniyalari dori vositalarini raqamli markirovkalash talablariga javob berish uchun O‘zbekistonda qanday muhim choralarni amalga oshirdi?

— Assotsiatsiyaga a’zo xorijiy farmatsevtika kompaniyalari boshqa bozorlarda raqamli markirovkalash tizimlari bilan ishlash borasida yetarlicha tajribaga ega. Aynan shu tajriba ularga O‘zbekistonning amaldagi talablariga tez moslashish imkonini berdi. Asosiy bosqichlar Asl belgisi milliy raqamli markirovkalash tizimida ro‘yxatdan o‘tish, noyob identifikatsiya kodlarini olish va ularni ishlab chiqarish jarayoniga joriy etishni o‘z ichiga oldi. Mahalliy talablarga rioya qilish hamda texnik jihatlarni muvofiqlashtirish maqsadida kompaniyalar CRPT TURON bilan muntazam hamkorlik olib bordi. Natijada integratsiya jarayoni sezilarli kechikishlarsiz amalga oshdi va xorijiy farmatsevtika kompaniyalari O‘zbekistonga markirovkalangan mahsulotlarni yetkazib berishni o‘z vaqtida boshlash imkoniyatiga ega bo‘ldi.

— Raqamli markirovkani joriy etish jarayonida mahalliy distribyutorlar va regulyatorlar bilan hamkorlik qanday ahamiyat kasb etdi?

— Raqamli markirovkalashni muvaffaqiyatli joriy etishda mahalliy distribyutorlar va regulyatorlar bilan yaqin hamkorlik muhim rol o‘ynadi. CRPT TURON Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi bilan birgalikda seminarlar va amaliy uchrashuvlar tashkil etdi. Bu uchrashuvlarda markirovkalashning texnik va huquqiy jihatlari atroflicha muhokama qilindi, yagona yondashuvlar ishlab chiqildi va dolzarb masalalar yuzasidan amaliy yechimlar topildi. Shu yondashuv tufayli kompaniyalar qonunchilikdagi yangiliklardan xabardor bo‘lib, yangi talablarga o‘z vaqtida va puxta tayyorgarlik bilan moslashishga erishdi.

— Xorijiy farmatsevtika kompaniyalari ishlab chiqarish jarayonlarini raqamli markirovkalash talablariga qanday moslashtirdi?

— Xorijiy farmatsevtika kompaniyalari raqamli markirovkalash bo‘yicha avvalgi tajribasiga tayanib, O‘zbekistonda ishlab chiqarish jarayonlariga zarur o‘zgartirishlar kiritdi. Ular mahalliy me’yorlarga mos keladigan Data Matrix-kodlarini joriy etish va tekshirish uchun zamonaviy uskunalardan foydalanishni boshladi. Shuningdek, markirovkaning aniqligi va o‘qilishi kafolatlanishi uchun sifat nazorati yanada kuchaytirildi. Ishlab chiqarish liniyalariga real vaqt rejimidagi monitoring tizimlari joriy etildi, muntazam tekshiruvlar orqali esa jarayonning uzluksizligi, xalqaro standartlar hamda milliy talablar bilan muvofiqligi ta’minlandi.

— Xorijiy kompaniyalar qanday qiyinchiliklarga duch keldi?

— Asosiy qiyinchiliklar mahalliy normativ bazani o‘zlashtirish va O‘zbekistonning o‘ziga xos talablariga moslashish bosqichida yuzaga keldi. Tartibga solishdagi farqlar, mahalliy standartlar va tartib-qoidalarga rioya qilish zarurati, ayniqsa, ilgari mamlakatda faoliyat yuritmagan kompaniyalar uchun qiyinchilik tug‘dirdi.

Misol uchun, elektron raqamli imzo (ERI) olishda qiyinchiliklar yuzaga kelardi. Agar chet el kompaniyasining O‘zbekistonda vakolatxonasi bo‘lmasa va ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasining egasi chet eldagi, masalan, Yevropadagi biror mamlakatdagi bosh ofis bo‘lsa, o‘sha mamlakatdagi vakolatli shaxsga ERI rasmiylashtirishga to‘g‘ri kelardi.

Assotsiatsiyaning farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, Soliq qo‘mitasi, CRPT TURON, Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorligi natijasida samarali mexanizm ishlab chiqildi. Natijada chet elliklar belgilangan milliy tartib-qoidalarga rioya qilgan holda ERI olishlari mumkin, bu esa markirovkalash tizimiga to‘liq qo‘shilish imkonini berdi.

Xorijiy kompaniyalar vakolatxonalarining raqamli markirovkalash xizmatlari uchun to‘lovlarni milliy valyutada amalga oshirishi bo‘yicha normativ-huquqiy bazada ruxsat mavjud emasligi yana bir muammo sifatida yuzaga chiqqan. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining vakolatxonalarni akkreditatsiya qilish tartibini belgilovchi avvalgi qarorida bunday imkoniyat ko‘zda tutilmagan edi. Assotsiatsiya, CRPT TURON hamda tegishli davlat organlarining hamkorlikdagi sa’y-harakatlari natijasida ushbu qarorga o‘zgartirishlar kiritildi. Bu esa mavjud huquqiy noaniqlikni bartaraf etib, xorijiy vakolatxonalarning raqamli markirovkalash tizimidagi to‘liq ishtirokini ta’minladi.

Shuningdek, markirovkalash to‘g‘risidagi ma’lumotlarni uzatishda ma’lumotlarni himoya qilish va axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar talab etildi. Dastlabki bosqichda ta’minot zanjiri ishtirokchilari o‘rtasida muvofiqlashtirishda qiyinchiliklar yuzaga keldi. Ushbu muammolar ishlab chiqaruvchidan tortib tartibga soluvchigacha bo‘lgan har bir shaxs shaffof va samarali raqamli markirovkalash tizimini yaratishda muhim rol o‘ynaydigan barqaror o‘zaro ta’sir modelini yaratishga turtki bo‘ldi.

— Xorijiy kompaniyalar tajribasida raqamli markirovkani joriy etish boyicha qanday muvaffaqiyatli misollarni keltirish mumkin?

— Assotsiatsiyamiz tarkibiga kiruvchi xalqaro farmatsevtika kompaniyalari O‘zbekistonda raqamli markirovkani muvaffaqiyatli joriy etish bo‘yicha bir qator misollarni taqdim etmoqda. Novo Nordisk, Gedeon Richter, Berlin-Chemie va boshqa ishlab chiqaruvchilar birinchilar qatorida ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, CRPT TURON bilan hamkorlikda pilot loyihalarda ishtirok etdi. Ularning faolligi va xalqaro tajribasi asosiy integratsiya jarayonlarini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, texnik hamda huquqiy muammolarni aniqlash va bartaraf etishda muhim rol o‘ynadi. Natijada boshqa kompaniyalar uchun majburiy markirovkaga o‘tish ancha osonlashdi va tizimning barqaror ishga tushirilishi ta’minlandi.

Seriyalashtirish va agregatsiyalashning zamonaviy texnologiyalarini joriy etish kompaniyalarga nafaqat regulyatorlar talablarini bajarishga, balki ichki jarayonlarning shaffofligini oshirishga ham xizmat qildi. Bu esa o‘z navbatida iste’molchilar va hamkorlar

ishonchini mustahkamladi. Bu misollar shuni ko‘rsatadiki, davlat bilan samarali muvofiqlashtirish, operatorning faol qo‘llab-quvvatlashi va biznes vakillarining ishtiroki orqali raqamli markirovkani nafaqat rasman, balki amalda butun sog‘liqni saqlash tizimi uchun real foyda keltiradigan tarzda joriy etish mumkin.

Assotsiatsiyamiz bundan keyin ham tizimni rivojlantirish, uning barqaror ishlashini ta’minlash va bozorning shaffofligini qo‘llab-quvvatlashda faol ishtirok etishda davom etadi. Oldinda esa moslashuvchanlik va ochiq muloqotni talab qiladigan yangi bosqich turibdi. Assotsiatsiya bu jarayonda ishonchli hamkor bo‘lib qolishga tayyor.

Shuningdek