
Apple kompaniyasi 2025-yil kuzida taqdim etilishi kutilayotgan yangi iPhone 17 modellari narxlarini oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda The Wall Street Journal (WSJ) nashri xabar berdi.
Kompaniya narx oshishini yangi funksiyalar va dizayn o‘zgarishlari bilan izohlashi kutilmoqda. Biroq Apple bu qarorni Xitoydan olib kiriladigan mahsulotlarga AQSh tomonidan joriy etilgan boj stavkalari bilan bog‘lamaslikka harakat qilmoqda.
Hozirgi kunda Apple’ning eng yuqori daromad keltiruvchi mahsulotlari – iPhone Pro va Pro Max modellari asosan Xitoyda ishlab chiqariladi. Hindistonda ishlab chiqarish jarayoni boshlangan bo‘lsa-da, u hali Xitoydagi masshtabda ishlab chiqarishni ta’minlay olmaydi.
Apple bosh direktori Tim Kuk AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo keskinligi kuchaygani fonida, ishlab chiqarishning bir qismini Hindistonga ko‘chirdi. Kompaniyaning ma’lum qilishicha, 2025-yilning ikkinchi choragida AQSh bozoriga mo‘ljallangan iPhone’larning katta qismi Hindistonda ishlab chiqariladi.
WSJ xabariga ko‘ra, Apple rahbariyati narx oshishini bojlar bilan bog‘lashdan ehtiyot bo‘lmoqda. Avvalroq Amazon boj stavkalari ta’sirini iste’molchilarga ko‘rsatish rejasini muhokama qilganida, Oq uy bu tashabbusni «dushmanona harakat» deb baholagan edi.
Rosenblatt Securities prognozlariga ko‘ra, iPhone 16’ning eng arzon modeli AQShda $799 turadi. Ammo tariflar sababli uning yakuniy narxi $1142 gacha, ya’ni 43% ga oshishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 12-may kuni AQSh Xitoy mahsulotlariga nisbatan boj stavkasini 145 foizdan 30 foizga tushirgani haqida yozgandi. Xitoy esa AQSh tovarlariga nisbatan bojlarni 125 foizdan 10 foizga kamaytirdi. Bu chora-tadbirlar 90 kun davomida amal qiladi.