
Toshkent shahar Yashnobod tumanidagi ko‘p kvartirali uylardan xonadon xarid qilish uchun fuqaro 387 million so‘m to‘lagan. Biroq unga xonadon vaqtida topshirilmagan. So‘ng mijoz Raqobat qo‘mitasiga murojaat qilgan.
Unga ko‘ra, fuqaro to‘lov amalga oshirilganidan so‘ng bir yil uch oy o‘tganiga qaramay qurilish ishlari boshlanmagan. Shu sababli shartnomani bekor qilganini bildirgan. Ammo quruvchi korxona mablag‘ni qaytarishdan bo‘yin tovlagan.
Keyin qo‘mita o‘tkazgan tekshiruv natijasida qurilish hali boshlanmagani va loyihada o‘zgarishlar bo‘lgani aniqlanib, fuqaroning huquqlari tiklandi va mablag‘lari to‘liq qaytarildi.
Shuningdek, 2025-yilning yanvar – mart oylarida qo‘mitaga qurilish sohasiga oid 355 dan ortiq murojaatlar kelib tushdi.
Murojaatlar:
- 107 tasi – qurilish-ta’mirlash ishlarining sifatsizligi;
- 63 tasi – ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun to‘lov undirilishi;
- 180 tasi – kommunal xizmatlar bilan bog‘liq muammolar haqida bo‘ldi.
O‘rganishlar natijasida iste’molchilarning huquqlari tiklanib, ularning foydasiga jami 1,9 milliard so‘m qayta hisob-kitob qilingan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan quruvchi 150 mln so‘mlik zararni qoplashga majbur bo‘lgani haqida yozgandi.