Yangiliklar

2025-yilda 231 ta ko‘prikni qurish hamda ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi

Magistrallar bo‘yida 72 ta servis majmualari ham tashkil etiladi
2025-yilda 231 ta ko‘prikni qurish hamda ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev yo‘l xo‘jaligida amalga oshirilayotgan ishlar va yangi loyihalar bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

So‘nggi ikki yilda 26 trln so‘m ajratilib, 40 ming km yo‘l va 540 ko‘prik ta’mirlandi. Bu yil esa 7 ming km yo‘l va 231 ta ko‘prikni qurish hamda ta’mirlash rejalashtirilgan. Shu bilan birga, 13 ming km tuproq ko‘chalarga shag‘al yotqiziladi, 400 km sement qoplamali yo‘llar quriladi va magistrallar bo‘yida 72 ta servis majmuasi tashkil etiladi.

Prezident xalqaro moliyaviy tashkilotlar bilan amalga oshirilayotgan 1,2 ming km yo‘lni o‘z ichiga olgan 6 yirik loyiha haqida ma’lumot oldi. Yaqin kunlarda yana 4 loyiha boshlanishi kutilmoqda. Yo‘llarning sifatli saqlanishi va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini rivojlantirish muhimligi alohida ta’kidlandi.

Shuningdek, «Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida»gi qonun yangi tahrirda ishlab chiqilmoqda. Unda zamonaviy talablar, aholining ehtiyoji, ekologik omillar va piyodalar xavfsizligi inobatga olinadi. Pulli yo‘llar, servis zonalari va og‘ir transport vositalarining harakati bo‘yicha ham yangi tartiblar joriy etilishi ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakilini qabul qilgan edi.