Davlat xavfsizlik xizmati Call-markazi faoliyati boshlandi

eʼlon qilindi
Ham jismoniy, ham yuridik shaxslar uchun
Davlat xavfsizlik xizmati Call-markazi faoliyati boshlandi / Foto: Infull

O‘zbekistonda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) tomonidan aholi murojaatlarini tezkor qabul qilish maqsadida yangi Call-markaz ishga tushirildi. Endilikda jismoniy va yuridik shaxslar 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, turli xavfsizlik masalalari yuzasidan xabar berishlari mumkin.

Call-markaz orqali konstitutsiyaviy tuzumga, davlat suvereniteti va hududiy yaxlitlikka bo‘lgan tahdidlar, davlat chegaralarining buzilishi, terrorizm va ekstremizmga oid holatlar, qurol-yarog‘ va giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishi, shuningdek, korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlar haqida ma’lumotlar qabul qilinadi.

Bundan tashqari, fuqarolar millatlararo nizo qo‘zg‘atishga urinishlar yoki diniy adovat targ‘iboti, davlat xavfsizligiga tahdid soluvchi har qanday huquqbuzarlik haqida xabar berishlari mumkin. Shuningdek, Jinoyat-protsessual kodeksda DXX vakolatiga kiritilgan moddalarga doir jinoyat ishlari bo‘yicha murojaatlar ham ko‘rib chiqiladi.

Murojaat qilgan fuqarolarning shaxsi sir tutilishi kafolatlanadi. Shu bilan birga, tuhmat yoki haqoratli murojaatlar uchun qonunchilikda javobgarlik belgilangan. Davlat xavfsizligi va tinchligiga hissa qo‘shish har bir fuqaroning fuqarolik burchidir.

Eslatib o‘tamiz, yil boshida O‘zbekistonda rossiyaliklarni aldab kelgan Call-markazlar tarmog‘i fosh etilgan edi.

Shuningdek