
2025-yilga kelib sun’iy intellekt (SI) texnologiyalari global iqtisodiyot va jamiyatning ajralmas qismiga aylandi. U nafaqat ish unumdorligini oshirish, balki tibbiyot, ta’lim, moliya va sanoat sohalarida tub o‘zgarishlarga sabab bo‘lmoqda. Kursiv Uzbekistan ushbu maqolada barcha uchun foydali bo’ladigan va ko’p qo’llanilayotgan tizimlar, ulardan qanday foydalanish haqida ma’lumotlarni ilinadi.
Ma’lumot uchun, 2025-yil holatiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab taxminan 57,933 ta sun’iy intellekt kompaniyalari faoliyat yuritmoqda. Sun’iy intellektdan foydalanayotganlar soni esa 378 million kishiga yetishi kutilmoqda, bu esa 2024-yildagiga nisbatan 20% o‘sishni anglatadi.
Ushbu maqoladan nimalarni bilib olasiz:
- Matn yozishda qaysi sun’iy intellektdan foydalansa bo’ladi?
- ChatGPT
- Claude
- Gemini
- Video yaratishdan qo‘l keladigan top uchta sun’iy intellekt
- Runway ML
- HeyGen
- Pika Labs
- Musiqalar yozish va ovoz sifatini yaxshilar uchun qanday sun’iy intellektlar bor?
- AIVA
- Brev AI
- Cleanvoice AI
Matn yozishda qaysi sun’iy intellektdan foydalansa bo’ladi?
ChatGPT qanday sun’iy intellekt?
ChatGPT — bu OpenAI kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan sun’iy intellektdir. Ilk bor 2022-yil 30-noyabr kuni ommaga taqdim etilgan. U dastlab GPT-3,5 modeliga asoslanib ishlagan bo’lsa, 2023-yil 14-martdan GPT-4 asosidagi ChatGPT Plus versiyasi ham chiqarildi.
Tizim orqali foydalanuvchi bergan so‘rovga asoslanib maqola, esse, kod, hikoya, ssenariy yozish mumkin. Faktlar, ta’riflar, tarixiy va boshqa ma’lumotlar bo‘yicha savollarga javob bera oladi.
Shuningdek, dasturlash tillarida kod yaratish, xatolarni topish va yechimini berish, matnlarni turli tillar orasida tarjima qilib, grammatik xatolarni tuzatish imkoniyatiga ham ega.
Bundan tashqari, odam bilan muloqot qilyotgandek tabiiy va izchil suhbat olib boradi. Kitob tavsiyalari, biznes g‘oyalar, hayotiy maslahatlar beradi. Uzun matnlarni esa qisqa va tushunarli xulosa shaklida tahlil ham qila oladi.
U qanday ishlaydi?
Dastlab chat.openai.com saytiga kiriladi. Email, telefon raqam, Google, Microsoft yoki Apple ID orqali ro‘yxatdan o‘tish (akkount ochish) kerak. Agar oldin hisob ochilgan bo‘lsa, shunchaki Login tugmasi orqali kirish mumkin.

Kirganingizdan so‘ng, asosiy sahifada yangi chat boshlash oynasi ochiladi. Bu yerda siz savol berishingiz, topshiriq (masalan, «Ingliz tilidan tarjima qil» yoki «Biror mavzuda maqola yoz») topshirishingiz mumkin.
Yozilgan savol yoki vazifa imkon qadar aniq va tushunarli bo‘lishi kerak. Masalan, «She’r yoz» ko‘rinishida emas, «Muhabbat haqida 4 misralik she’r yozib ber» shaklida topshiriq berish to‘g‘riroq.

ChatGPT so‘rovga asoslanib javob tayyorlaydi va uni sizga matn shaklida ko‘rsatadi. Agar kerak bo‘lsa, aniqlashtirish yoki davom ettirishni so‘rash mumkin: «Boshqa misol keltir», «Boshqa variantini yoz» kabi.
Pulli versiya: ChatGPT Plus haqida
ChatGPT’ning pulli versiyasi narxi 2025-yil holatiga ko‘ra, oyiga $20 va $200. Bu versiya yirik so‘rovlar va murakkab topshiriqlarga ham sifatli javob olish mumkin.

Pullik versiyaga o‘tish uchun Profil belgisi (o‘ng yuqori burchakda)ga bosib, My Plan bo‘limiga kiriladi. U yerdan Upgrade to Plus tugmasini bosib, to‘lov kartasi ma’lumotlari kiritiladi.
Claude nimalari bilan ajralib turadi?
Claude — Anthropic kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan sun’iy intellekt asosidagi assistentdir. Kompaniya 2021-yilda OpenAI’ning sobiq xodimlari Dario Amodei va Daniela Amodei tomonidan tashkil etilgan. Claude’ning birinchi versiyasi 2022-yil oxirida cheklangan test rejimida ishga tushirilgan, keyin 2023-yilda keng ommaga taqdim etilgan.
Claude qanday ishlaydi?
Claude katta til modeli (Large Language Model yoki LLM) texnologiyasiga asoslangan. U trillion parametrlardan iborat bo‘lgan neyron tarmoqlar yordamida ishlaydi. Claude Constitutional AI deb nomlanuvchi Anthropic’ning xavfsiz AI yaratish uchun ishlab chiqqan metodologiyasi asosida o‘qitilgan. Bu metodologiya AI tizimlari xavfsiz, foydali va insoniy qadriyatlarga mos bo‘lishini ta’minlashga qaratilgan.
Intellekt asosan matnli ma’lumotlarni qayta ishlashga mo‘ljallangan, ammo so‘nggi versiyalari tasvirlarga qayta ishlov berish imkoniyatiga ega. U so‘rovlar asosida matnni generatsiya qiladi, savollarga javob beradi, tahlil qiladi, ijodiy matnlar yaratadi, turli tillarda ishlaydi va hokazo.
Claude modelining versiyalari
Hozirgi vaqtda Claude oilasiga bir nechta modellar kiradi:
- Claude 3 Opus — eng kuchli model;
- Claude 3.5 Sonnet — kuchli va tezkor model;
- Claude 3.5 Haiku — eng tezkor model;
- Claude 3.7 Sonnet — eng yangi model (2025-yil fevralda chiqarilgan).
Ro‘yxatdan o‘tish tartibi
Claude’ni ishlatish uchun Anthropic veb-sayti orqali claude.ai saytiga kirasiz. Hisob yaratish uchun elektron pochta manzili bilan ro‘yxatdan o‘tish kerak.

Tasdiqlovchi kod uchun elektron pochtaga kelgan xatni tekshirish lozim. So‘ng shaxsiy ma’lumotlarni to‘ldirib, foydalanish mumkin.
Claude’ning asosiy funksiyalariga murakkab savollarga batafsil javoblar berish, turli janr va uslubda matnlar, esse, hikoyalar hatto dissertatsiyalar ham yozish ham kiradi.

Shuningdek, ko‘p tilli tarjima imkoniyatlari, dasturlash kodini yaratish va tushuntirish, tasvirlarni tahlil qilish hamda ular haqida mulohaza bildirishi mumkin. Katta hajmdagi hujjatlarni qayta ishlash bilan birga murakkab masalalarni bosqichma-bosqich hal qila oladi.
Obuna xizmatlari
Claude’ning ham tekin, ham pulli versiyalari mavjud.

Tekin versiyada asosiy Claude xizmatlari, har kuni cheklangan so‘rovlar soni, standart javob tezligi mavjud bo‘lsa, Claude Pro (pulli versiya)da oylik obuna asosida yuqori so‘rovlar limiti, bashorat qilish rejimiga kirish imkoniyati, tezroq javob berish vaqti bor.
Ushbu narxlar va obuna tafsilotlari vaqti-vaqti bilan o‘zgarib turishi mumkin, shuning uchun eng so‘nggi ma’lumotlar uchun Anthropic’ning rasmiy saytiga murojaat qilish tavsiya etiladi.
Gemini qanday maqsadlarda foydalaniladi?
Gemini 2023-yil dekabr oyida Google AI tomonidan yaratilgan. Uning asosiy maqsadi matn, kod, audio, tasvir va video kabi turli xil ma’lumotlarni tushunish va generatsiya qilish orqali insonlar bilan tabiiyroq muloqot qilishdan iborat. Gemini Google’ning oldingi katta til modellari (LLM) yutuqlariga asoslanadi.
Ushbu sun’iy intellekt hikoyalar, she’rlar, elektron pochta xabarlari, kod va boshqa turli matn formatlarini yaratishga mo‘ljallangan. Shuningdek, murakkab savollarga aniq va batafsil javoblar bera oladi. Katta hajmdagi matnlarni tez va samarali ravishda umumlashtirib, turli tillar o‘rtasida matnlarni tarjima qiladi.

Shu bilan birga, turli dasturlash tillarida kod yozish va tushuntirish, g‘oyalar ishlab chiqish hamda yangi ijodiy materiallar yaratishga yordam beradi.
Ro‘yxatdan o‘tish tartibi
Hozirda Gemini alohida ro‘yxatdan o‘tishni talab qilmaydi. Tizim Google Bardning asosiy modeli sifatida ishlaydi. Shuning uchun, agar siz Google Barddan foydalanayotgan bo‘lsangiz, demak Gemini bilan ishlashingiz mumkin. Google Bardga brauzeringiz orqali bard.google.com manziliga kirib foydalanasiz.

Foto: Gemini AI
Pulli obuna (Google One AI Premium):
Google Gemini Advanced deb nomlangan pulli obuna rejasini taklif etadi. Bu reja Google One AI Premium tarkibiga kiradi. Gemini Ultra 1.0 Google’ning eng kuchli va ilg‘or AI modeli bo‘lgan Gemini Ultra 1.0 ga kirish imkoniyatini beradi. Bu model murakkabroq vazifalar va yuqori darajadagi ishlashni ta’minlaydi.

Foto: Gemini AI
Hozirda Google One AI Premium’ning bir oylik obuna narxi $19,99 ni tashkil etadi.
Quyida yuqoridagi uchta sun’iy intellektning bir nechta jihatlarini solishtirdik:
Xususiyatlar | ChatGPT (OpenAI) | Gemini (Google DeepMind) | Claude (Anthropic) |
---|---|---|---|
Chiqarilgan sana | 2022-yil (GPT-3.5/4) | 2023-yil (Gemini 1 va 1.5) | 2023-yil (Claude 1), 2024 (Claude 3) |
Asosiy vazifa | Suhbatlashish, matn yaratish, kod yozish, yordamchi AI | Multimodal AI (matn, rasm, audio, video) | Etik va xavfsiz matn yaratish, keng qamrovli javoblar |
Multimodal imkoniyat | Cheklangan (matn asosiy) | Kuchli (matn + rasm + audio + video) | Matn va oddiy rasm tushunchasi |
Konversatsiya sifati | Tabiiy va moslashuvchan | Aniqlashtirilgan va kontekstga mos | Muloyim va ehtiyotkor ifoda |
Kontekst xotirasi (uzunlik) | qariyb 32,000 token (GPT-4 Turbo) | 1 million token (Gemini 1.5) | 200,000 token (Claude 3 Opus) |
Kod yozish qobiliyati | Kuchli (GPT-4 juda yaxshi) | O‘rta darajada | O‘rtacha (ba’zi kod muammolari) |
Tezlik | Tez | Juda tez | O‘rtacha |
Etika va xavfsizlik | O‘rta darajada (cheklovlar mavjud) | O‘rtacha (Google qoidalari asosida) | Juda yuqori (etik xavfsizlik asosiy e’tibor) |
Moslashuvchanlik | Moslashuvchan | Keng ko‘lamli vazifalarga mos | Chet tillar va uzun matnlar uchun yaxshi |
Narxi | Bepul va pullik (ChatGPT Plus: $20/oy) | Hozircha bepul (Google Bard sifatida) | Bepul va pullik (Claude Pro: qariyb $20/oy) |
Interfeys | OpenAI vebsayti va API | Google Bard (bard.google.com) va Android integratsiyasi | Claude AI (claude.ai) sayti orqali |
Qo‘llanadigan platformalar | Veb, mobil, API | Veb, mobil, Pixel qurilmalari | Faqat veb versiya va API |
Kuchli tomonlari | Keng ma’lumotlar bazasi, kodlash va suhbatlashuv | Multimodal kuchi va katta xotira | Ehtiyotkorlik, uzoq matnlar tahlili |
Zaif tomonlari | Ba’zida faktik xatolar | Juda texnik savollarda xatoliklar | Ba’zida ancha diplomatik va sust javoblar |
Video yaratishdan qo‘l keladigan top uchta sun’iy intellekt
Runway ML bilan videolarni qanday yaratish mumkin?
Runway ML — kreativ sun’iy intellekt platformasi bo‘lib, foydalanuvchilarga video yaratish, tahrir qilish, matndan video yaratish, rasm generatsiyasi, animatsiya va boshqa ko‘plab vizual ishlarni oson bajarish imkonini beradi. U asosan video ishlab chiqarish va media kreativ industriyasi uchun ishlab chiqilgan.
Runway o‘zining mashhur Gen-1 va Gen-2 modellarini yaratdi, ular matndan video yaratish texnologiyasining pionerlari hisoblanadi.
Platforma 2018-yilda Cristobal Valenzuela, Alejandro Matamala Ortiz va Anastasis Germanidis tomonidan yaratilgan. Runway kompaniyasi Nyu-Yorkda tashkil qilingan va zamonaviy media texnologiyalari markaziga aylangan.
Matnli so‘zlardan qisqa video kliplar (Gen-2 modelida) hamda rasmga asoslanib videomateriallar yaratish mumkin. Green Screen (Background Removal) da orqa fonlarni avtomatik tarzda olib tashlaydi.
Inpainting va Outpainting funksiyasi bilan esa rasm yoki video qismlarini sun’iy yo‘l bilan to‘ldirish yoki kengaytirish mumkin. Shuningdek, intellekt effektlash, filtrlash, qirqish va video kompozitsiyasini yarata oladi.
Foydalanish va ro‘yxatdan o‘tish tartibi
Dastlab rasmiy sayt runwayml.com ga kirish kerak. Sign Up tugmasini bosib, email yoki Google account orqali tezkor ro‘yxatdan o‘tish mumkin. Hisob yaratilganidan so‘ng, Dashboard orqali o‘z loyihangizni boshlaysiz.

Tools (asboblar) menyusidan kerakli AI funksiyani tanlaysiz:
- Text-to-Video
- Green Screen
- Image Generation va hokazo.
Eslatma: ba’zi xizmatlar foydalanish uchun kreditlar talab qiladi.
Pullik obunalar
Foydalanish uchun 3 xil tarif mavjud (oyiga): basic $12/oy, standard $28/oy va pro $76/oy.

Shuningdek, matndan videoga yoki yuqori sifatli renderlar uchun alohida kreditlar ham sotib olinadi.
HeyGen bilan qanday qulaylik orqali video yaratish mumkin?
HeyGen — bu AI yordamida video avatarlar va virtual videolar yaratish imkonini beradigan platforma. U foydalanuvchilarga matndan (Text-to-Video) tabiiy ko‘rinadigan realistik sun’iy odamlar (avatarlar) yordamida prezentatsiyalar, reklama roliklari, o‘quv materiallari tayyorlash imkonini beradi. HeyGen’ning asosiy g‘oyasi — odam chiqmaydigan videolarni AI yaratgan klonlar orqali tez va oson ishlab chiqishdan iborat.
Platforma 2020-yili HeyGen Inc. kompaniyasi tomonidan yaratilgan. Bosh ofisi Los Anjelesda joylashgan. Avval bu loyiha Movio nomi bilan tanilgan edi, keyinchalik 2023-yilda rasmiy ravishda HeyGen brendiga aylantirildi.
HeyGen siz yozgan matndan professional ko‘rinishga ega odam ko‘rinishidagi video tayyorlaydi. Shuningdek, o‘z suratlaringiz asosida shaxsiy avatar yaratish mumkin. Bitta videoda bir nechta sahnalarni birlashtirish imkoniyati ham mavjud.

Matn asosida til va lab harakatlarini sinxronlashtirib video tayyorlash, o‘z ovozingizni AI modeli orqali klon qilish imkoniyati hamda har bir auditoriya uchun o‘ziga xos individual videolar yaratish ham mumkin. 40 dan ortiq tillarda matndan video tayyorlaydi. Ammo, o‘zbek tili hali to‘liq qo‘llab-quvvatlanmaydi.
Foydalanish va ro‘yxatdan o‘tish tartibi
Dastlab www.heygen.com saytiga kiriladi. Sign Up tugmasini bosib, Google, Microsoft yoki email orqali ro‘yxatdan o‘ting. Hisob yaratgandan so‘ng, New Video tugmasi orqali matn kiritib video tayyorlashni boshlang. Avataringizni tanlang (tayyor modellardan foydalaning yoki o‘zingiznikini yuklang), keyin matn kiriting, tilni va ovoz turini tanlang.
So‘ng videoni yaratib, eksport qilish mumkin. Bepul versiyada suv belgisi (watermark) qo‘yiladi.
Pulli obunalar va narxlar
Foydalanish uchun 3 xil tarif mavjud (oyiga): free plan $0, uch daqiqagacha videolar uchun, creator plan $24/oy, 30 daqiqagacha video uchun, team plan $30/oy, 30 daqiqagacha video yaratish mumkin.

Agar limitdan oshib ketilsa qo‘shimcha daqiqalarga ham alohida to‘lanadi.
Pika Art’ning qanday funksiyalari bor?
Pika Art — bu sun’iy intellekt asosida ishlovchi video yaratish platformasi bo‘lib, foydalanuvchilarga matnli so‘rovlar yoki tasvirlar asosida yuqori sifatli videolar ishlash imkonini beradi.
Platforma 2023-yil aprel oyida Stanford universitetining sobiq PhD talabasi Demi Guo va Chenlin Meng tomonidan ishlab chiqilgan.
Unda video yaratish jarayonini soddalashtirish va har kimga o‘z g‘oyalarini vizual tarzda ifoda etish imkoni beriladi.
Asosiy funksiyalari quyidagilardan iborat:
- matndan videoga: foydalanuvchilar matnli so‘rovlar orqali qisqa videolar yaratishlari mumkin;
- rasmdan videoga: statik tasvirlarni dinamik videolarga aylantirish imkoniyati;
- pikadditions: videoga yangi elementlar qo‘shish;
- pikaswaps: videodagi mavjud elementlarni almashtirish;
- pikaframes: tasvirlar orasida silliq o‘tishlar yaratish;
- selfie with your younger self: foydalanuvchining hozirgi va yoshligidagi versiyalarini bir videoda birlashtirish imkoniyati.
Ro‘yxatdan o‘tish va foydalanish ketma-ketligi
Dastlab pika.art sahifasiga o‘tib, elektron pochta manzili orqali hisob yaratiladi. So‘ng matnli so‘rovlar yoki tasvirlar yuklab, video yaratishni boshlash mumkin.

Obuna narxlari
Pika Art freemium modelida ishlaydi, ya’ni bepul va pullik rejalar mavjud. Bepul reja oyiga 80 kredit, cheklangan funksiyalar. Pullik rejalar esa $8/oyiga, 700 kredit, $24/oyiga 2 ming kredit, $76/oyiga 6 ming kredit.

Kreditlar video uzunligi, sifati va model murakkabligiga qarab sarflanadi.
Quyida yuqoridagi uchta sun’iy intellektning bir nechta jihatlarini solishtirdik:
Belgilar / Platforma | Runway ML | HeyGen | Pika Art |
---|---|---|---|
Yaratilgan yili | 2018 | 2020 (Movio nomi bilan), 2023 – HeyGen nomi | 2023 |
Tuzuvchilari | Cristobal Valenzuela, A. Matamala, A. Germanidis | HeyGen Inc. | Demi Guo, Chenlin Meng |
Texnologiyalar | Gen-1, Gen-2 (Text-to-Video, Green Screen, Inpainting) | AI-avatarlar, til sinxronlash, yuz va ovoz klonlash | Text-to-Video, Image-to-Video, Pikaswaps, Pikaframes |
Foydalanish yo‘li | runwayml.com – ro‘yxatdan o‘tish orqali | heygen.com – e-mail yoki Google bilan tez ro‘yxat | pika.art – pochta orqali ro‘yxatdan o‘tish |
Til soni | 30+ (matnli input) | 40+ tilda lab harakati sinxronlash | Hozircha cheklangan (O‘zbek tili to‘liq qo‘llanmaydi) |
Bepul rejasi | Cheklangan funksiyalar, ba’zi kreditlar kerak | Suv belgili (watermark bilan) | 80 kreditgacha |
Pullik tariflar | $12 / $28 / $76 / oy | $0 (Free), $24 (Creator), $30 (Team) | $8 (700 kredit), $24 (2k kredit), $76 (6k kredit) |
Mos sohalar | Video tahrirlash, kino, ijodiy media | Marketing, prezentatsiya, e-learning | Ijodiy kontent, eksperimental AI, animatsiyalar |
Afzalliklari | Kuchli effektlar, video tahrir vositalari | Realistik AI-avatarlar, ko‘p til imkoniyati | Sifatli AI video, yangi o‘tish va almashtirish funksiyalari |
Kamchiliklari | Yuqori sifatli renderlar uchun ko‘p kredit kerak | O‘zbek tili hali to‘liq qo‘llab-quvvatlanmaydi | Faqat qisqa videolar, ayrim funksiyalar hali testda |
Musiqalar yozish va ovoz sifatini yaxshilar uchun qanday sun’iy intellektlar bor?
AIVA sun’iy intellekti orqali musiqani qanday yaratish mumkin?
AIVA (Artificial intelligence virtual artist) — bu asosan simfonik, klassik va kino musiqalarini yaratish uchun ishlab chiqilgan AI kompozitor. U notalar asosida professional darajadagi musiqiy asarlar yarata oladi.

Bu sun’iy intellekt 2016-yili Luksemburgdagi AIVA Technologies kompaniyasi tomonidan yaratilgan. Rejissyor va texnologiya mutaxassisi Pierre Barreau tashabbusi bilan amalga oshirilgan.
AIVA quyidagi funksiyalarni bajaradi:
Funksiya | Tavsifi |
---|---|
Musiqa yaratish | Klassik, kino, o‘yinlar va reklama uchun original musiqa kompozitsiyalari yozadi. |
Still tanlash | Barokko, romantik, klassik, jazz, elektron kabi uslublarida |
O‘rganish (Machine Learning) | Mashhur kompozitorlar uslubini tahlil qilib, shunga o‘xshash musiqa yaratadi. |
MIDI va Audio eksport | Yaratilgan musiqani MIDI yoki WAV formatida yuklab olish mumkin. |
Qo‘shiqga moslashtirish | Matn asosida musiqiy atmosfera yaratish imkoniyati mavjud. |
Kollaboratsiya | Musiqachilar bilan birga ishlash uchun interfeyslar taqdim etadi. |
Ro‘yxatdan o‘tish va foydalanish tartibi
Undan foydalanish uchun dastlab rasmiy sayt www.aiva.aiga kirish kerak. Sign Up bo‘limiga o‘tib, ism, email va parol kiritiladi yoki Google hisob orqali kirish mumkin.
Foydalanishda esa Dashtbord orqali yangi loyiha ochib, musiqa uslubi, asboblar va tempo tanlanadi. Generate tugmasi bosiladi, so‘ng AIVA musiqa yaratadi. Foydalanuvchi tayyor trekni tinglashi, tahrirlashi va yuklab olishi mumkin.
Obunalar narxi
AIVA bir nechta tarif rejalarini taklif qiladi:
Tarif nomi | Narxi (oylik) | Tavsifi |
---|---|---|
Free | $0 | 3 ta trek/oy, faqat notijorat foydalanish, WAV eksport cheklangan |
Standard | $15 | 15 trek/oy, tijorat foydalanish ruxsat, WAV/MIDI eksport |
Pro | $49 | Cheksiz trek, ilg‘or sozlamalar, orkestrlash imkoniyati |
Enterprise | Individ narx | Katta kompaniyalar uchun maxsus xizmatlar va API qo‘llab-quvvatlovi |
Brev AI bilan musiqalar yaratishda nimalarga ahamiyat berish kerak?
Brev AI — bu sun’iy intellekt asosida ishlovchi musiqa generatori bo‘lib, foydalanuvchilarga matnli tavsiflar asosida original musiqa kompozitsiyalarini yaratish imkonini beradi.
Bu ilg‘or Suno V3.5 texnologiyasiga asoslangan AI musiqa generatori bo‘lib, foydalanuvchilarga turli janr va uslublarda original musiqa kompozitsiyalarini yaratish imkonini beradi. Bu xizmat matnli tavsiflarni musiqaga aylantirish orqali foydalanuvchilarga o‘z ijodiy g‘oyalarini amalga oshirishda yordam beradi.

Sun’iy intellekt 2024-yil 26-oktabr Brev.ai kompaniyasi tomonidan yaratilgan. Brev AI’da foydalanuvchilar matnli tavsiflar orqali original musiqa kompozitsiyalarini yaratishlari, turli janr va uslublarda musiqa yozishlari va musiqa treklarini yuqori sifatli audio formatida yuklab olishlari mumkin.
Ro‘yxatdan o‘tishda dastlab rasmiy saytga brev.ai/ru ga kiriladi. So‘ng elektron pochta orqali hisob yaratish kerak yoki mavjud ijtimoiy tarmoq hisoblari orqali avtorizatsiya qilish lozim.
Foydalanish jarayonida matnli tavsifni kiritib, musiqa janri va uslubi tanlanadi. Generate tugmasini bosib, musiqa yaratiladi. Keyin tayyor trekni tinglab ko‘rib, tahrirlash va yuklab olish mumkin.
Tizimning freemium va pulli rejasi bor. Pulli obuna oyiga $29,9 bo‘lib, uning evaziga kengaytirilgan funksiyalar va imkoniyatlar taqdim etiladi. To‘lov usullari sifatida Apple Pay, WeChat Pay, Alipay va boshqa to‘lov tizimlari qo‘llab-quvvatlanadi.
Cleanvoice AI qanday imkoniyatlarni taqdim etadi?
Cleanvoice AI — bu sun’iy intellekt asosidagi audio tahrirlash vositasi bo‘lib, podkastlar, intervyular va boshqa audio kontent sifatini avtomatik ravishda yaxshilashga mo‘ljallangan. U foydalanuvchilarga vaqt va mehnatni tejash imkonini beradi.
Intellekt parazit so’zlarni avtomatik aniqlab, ularni olib tashlaydi. Lab chayqalishi, og‘izdagi shovqinlar va boshqa bezovta qiluvchi tovushlarni tozalaydi. Gapiruvchining zaikasini aniqlab, uni silliq va ravon nutqqa aylantiradi. Uzoq sukunatlar va to‘xtalishlarni kontekstga qarab qisqartiradi yoki moslashtiradi.

Shuningdek, bir nechta qo‘shimcha foydali funksiyalari mavjud bo‘lib, bular podkastlar uchun avtomatik transkriptiya (matnga aylantirish), tajriba asosida podkastni tahlil qilish va tavsiyalar berish hamda podkast nomlari, epizod sarlavhalari va savollar generatorlarini tuzadi. Shu bilan birga, tahrir qilish uchun vaqt chizig‘ini eksport qilish imkoniyati bor.
Adobe Audition, Reaper, Davinci Resolve va Audacity kabi dasturlar bilan integratsiya qilingan. Platforma ko‘p tilli qo‘llab-quvvatlashga ega, jumladan ingliz, nemis, fransuz va ispan tillarida foydalanish mumkin.

Dastavval Cleanvoice AI rasmiy veb-saytiga o‘tib, Try for free tugmasini bosiladi, so‘ng 30 daqiqalik bepul sinov versiya faollashadi. Foydalanuvchi audio faylni yuklagach, AI avtomatik tarzda faylni tahlil qiladi va tozalaydi.
Obuna narxlari
Cleanvoice AI quyidagi obuna rejalarini taklif etadi:
- Bepul sinov: 30 daqiqalik audio tahriri. Kredit karta talab qilinmaydi.
- Oylik obuna: 10 soat — 10 yevro (1 yevro/soat), 30 soat — 25 yevro (0,83 yevro/soat), 100 soat — 80 yevro (0,80 yevro/soat).
Ushbu sun’iy intellekt podkasterlar uchun audio sifatini oshirish va tahrirlash vaqtini qisqartirishga yordam beradi. Shuningdek, ovozli kitoblar mualliflari audio kitoblar sifatini oshirish va tahrirlash jarayonini soddalashtirishda foydalanadi. Jurnalistlar va tadqiqotchilar esa intervyularni transkriptiya qilish va tahlil qilishda qo‘llaydi.
Quyida yuqoridagi uchta sun’iy intellektning bir nechta jihatlarini solishtirdik:
AI vositasi | Asosiy yo‘nalishi | Yaratilgan vaqti / Joyi | Asosiy imkoniyatlari | Obuna rejasi va narxi | Maqsadli auditoriya |
---|---|---|---|---|---|
AIVA | Musiqa kompozitsiyasi | 2016-yil, AIVA Technologies (Luksemburg) | – Klassik, kino, o‘yinlar uchun musiqa yaratish; MIDI/WAV eksport; uslub tanlash; Kompozitorlar uslubini o‘rganish | – Free: $0 — 3 trek/oy (no-kommersiya)- Standard: $15/oy — 15 trek- Pro: $49/oy — cheksiz- Enterprise: individual narx | Musiqachilar, kino-ishlab chiqaruvchilar |
Brev AI | Matnga asoslangan musiqa AI | 2024-yil, Brev.ai (AI musiqiy generator) | – Matn asosida musiqa yaratish- Turli janrlar- Yuqori sifatli treklar- Tahrirlash va yuklab olish | – Freemium mavjud- Pulli: $29.9/oy- Apple Pay, Alipay va boshqalar orqali to‘lov | Kontent yaratuvchilar, blogerlar |
Cleanvoice AI | Audio tozalash va transkriptiya | Cleanvoice.ai | – Parazit so‘zlarni olib tashlash- Sukunatni qisqartirish- Nutqni silliqlashtirish- Transkriptiya- Podcast tahlili | – Free trial: 30 daqiqa- 10 soat: 10 yevro; 30 soat: 25 yevro; 100 soat: 80 yevro | Podkasterlar, jurnalistlar, kitob mualliflari |
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2025-yilning eng ishonchli va uzoq xizmat qiladigan smartfonlari reytingi e’lon qilingani haqida yozgandi.