Jizzaxda paleolit va neolit davriga oid yangi arxeologik manzillar aniqlandi

eʼlon qilindi
Bu topilmalar insoniyat tarixini o‘rganishda muhim ilmiy asosdir
Jizzaxda paleolit va neolit davriga oid yangi arxeologik manzillar aniqlandi / Foto: Madaniy meros agentligi

Madaniy meros agentligi hamda Samarqand arxeologiya instituti Tosh davri bo‘limi mutaxassislari tomonidan Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida dala tadqiqotlari o‘tkazildi. Nurota tog‘larining shimoli-g‘arbiy qismida olib borilgan izlanishlar natijasida tarixiy ahamiyatga ega bir nechta qadimiy manzillar topildi, deya yozmoqda agentlik.

Unga ko‘ra, O‘gat qishlog‘ida so‘nggi paleolit davriga oid ibtidoiy odamlar yashagan joy topilgan bo‘lsa, Qoropchi qishlog‘ida dehqonchilik va chorvachilikka o‘tish bosqichiga oid neolit davri manzillari qayd etildi. Yonboshtut qishlog‘i yaqinidagi «Beshbuloq» nomli hududda esa qadimgi jamiyatlarning ijtimoiy-madaniy izlari aniqlandi.

Bu topilmalar O‘zbekiston hududida insoniyat tarixi va qadimiy turmush tarzini o‘rganishda muhim ilmiy asos bo‘lib xizmat qiladi. Tadqiqotlar hali ham davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatida arxeologik yodgorliklarga 342 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgan edi.

Shuningdek