McDonald’s yozda 375 mingta yangi xodim olishni rejalashtirmoqda

AQShdagi yirik fastfud tarmog‘i McDonald’s va uning franshizachilari joriy yilning yozida 375 ming nafar yangi ishchini ishga qabul qilishni rejalashtirmoqda. Bu kompaniya uchun so‘nggi yillardagi eng yirik ishga olish kampaniyasidir. Bu haqda Restaurant business nashri xabar berdi.
Kompaniyaning ma’lum qilishicha, ishga qabul qilish jarayonlari AQSHning 50 shtatidagi restoranlarni qamrab oladi. 375 ming yangi ish o‘rni McDonald’s restoranlaridagi mavjud ishchilar sonining deyarli yarmiga teng. Ushbu yollashlar xodimlar almashinuvi bilan birga, yangi restoranlar ochilishi va biznesning o‘sishiga ham bog‘liq.
McDonald’s shuningdek, 2027-yilga qadar AQSHda 900 ta yangi restoran ochishni rejalashtirmoqda. Bu kengayish kompaniyadan ham, franshizachilardan ham faol investitsiyalarni talab etadi. Hozirda McDonald’s’ning AQSHda 13 500 dan ortiq filiallari mavjud.
Kampaniya doirasida kompaniyaning Archways to Opportunity ta’lim dasturining 10 yilligi ham nishonlanmoqda. Mazkur tashabbus orqali McDonald’s 90 mingdan ortiq ishchilarga $240 milliondan ziyod moliyaviy ta’lim yordami ko‘rsatgan. Bu dastur doirasida xodimlar maktab diplomi olish, kollejda o‘qish, kasbga yo‘naltiruvchi maslahatlar olish va ingliz tilini o‘rganish imkoniyatiga ega.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, har sakkizinchi amerikalik hayotining bir bosqichida McDonald’s’da ishlagan.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda nogironligi bor shaxslarni ishga olgan korxonalarga 500 million so‘mgacha subsidiya ajratilishi haqida yozgandi.