Qarashlar

Qoidalarga asoslangan o‘yin

Raqamli markirovka alkogolsiz ichimliklar bozorini qanchalik o‘zgartirmoqda
Raqamli markirovka alkogolsiz ichimliklar bozorini qanchalik o’zgartirmoqda / Foto: CRPT TURON

Ichimliklarni raqamli markirovka qilish xaridorlarga sifatli mahsulotni kontrafaktdan ajratishga, biznes vakillariga esa mahsulot harakatini kuzatib borish hamda amaldagi standartlarga rioya qilishda yordam bermoqda. Bu tizim ishlab chiqaruvchilar uchun halol raqobat muhitini yaratish, investitsiyalarni jalb qilish imkonini beradi. Kursiv Uzbekistan Energy Drinks Association yuridik shaxslar uyushmasi ijrochi direktori Mirpayoz Mirsaatov bilan suhbatlashdi. U markirovkalash sanoatga qanday ta’sir qilishi va tizim yanada samaraliroq bo‘lishi uchun nimalarni o‘zgartirish kerakligi haqida so‘zlab berdi.

Nima uchun raqamli markirovka ENERGY DRINKS ASSOCIATION uchun dolzarb masalaga aylandi?

— Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 1-noyabrdagi «Suv va salqin ichimliklarni majburiy raqamli markirovkalash tizimini joriy etish to‘g‘risida»gi 631-son qaroriga muvofiq, suv va salqin ichimliklarni ishlab chiqarish, olib kirish va hisobga olish mexanizmlarini takomillashtirish, ularning tovar aylanmasini ta’minlash maqsadida raqamli markirovkalash joriy etilmoqda. Assosiatsiya a’zolari qonunlarga amal qiluvchi, taniqli va ishonchli brendlar hisoblanadi. Raqamli markirovka ularning ishlab chiqarish hamda logistika tizimlariga qo‘shimcha investitsiyalar jalb qilish imkonini yaratadi. Biroq bu kabi mas’uliyatli yondashuv bilan ishlaydigan kompaniyalar ushbu talablarga rioya qilmaydigan ishlab chiqaruvchi yoki import qiluvchilar bilan teng raqobat sharoitida noqulay holatga tushib qolmoqda.

Oddiy xaridorlar ko‘pincha raqamli markirovka nima uchun kerakligi va u qanday afzalliklarga ega ekanini tushunmaydi, masalan, tovarning sifati va haqiqiyligini tasdiqlashda. Biz esa aholining markirovkalangan mahsulotlarni tanlash zaruriyatini chuqurroq tushunishi uchun faol ishlash muhim deb hisoblaymiz. Qalbaki mahsulotlar odatda xavfsizlik standartlarini buzib, arzon materiallardan tayyorlanadi. Bunday mahsulotlarni iste’mol qilish sog‘liq uchun jiddiy xavf tug‘diradi. Turli kasalliklar va holsizlikka sabab bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, qalbaki mahsulotlar butun ichimliklar sohasining obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

— Energetik ichimliklar sanoatida raqamli markirovkalashning kelajagini qanday tasavvur qilasiz? Yaqin yillarda qanday o‘zgarishlar kutilmoqda?

— O‘zbekistonning savdo hamkorlari bilan unifikatsiyalangan [DA1] raqamli markirovkani ko‘rishni istardik. Bu «Dori-darmon vositalari» tovar guruhi markirovkasining o‘zaro e’tirof etilishiga o‘xshash tarzda bo‘lishi lozim. Hozirgi vaqtda O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Rossiya, Ozarbayjon, Armanistonda raqamli markirovkalash formati ko‘plab farqlarga ega bo‘lib, bu ishlab chiqaruvchi va iste’molchilar uchun bir qator qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Standartlarni uyg‘unlashtirish juda samarali bo‘ladi. Iste’molchilar tovarlardagi raqamli markirovkaning mavjud bo‘lishini talab qilishga haqli, chunki ular jamoatchilik nazoratining muhim ishtirokchilari hisoblanadi.

Quvonarlisi shundaki, so‘nggi vaqtlarda mamlakat aholisi yanada xabardor, talabchan bo‘lib bormoqda. Xaridorlar aynan nima sotib olayotganini, mahsulot qayerdan kelganini, uning xavfsizlik darajasi qandayligini bilishni xohlashmoqda. Bu esa ularning hayoti va sog‘lig‘i uchun muhim omil hisoblanadi.

— Energetik ichimliklarga nisbatan istemolchilar ishonchining ortishida raqamli markirovkaning orni qanday?

— Iste’molchi Asl Belgisi mobil ilovasi orqali markirovka kodini skanerlab, mahsulot haqidagi barcha kerakli ma’lumotlarni olishi mumkin. Bu ularga mahsulotning haqiqiyligi, uning sifati va oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha amaldagi talablarga muvofiqligiga ishonch hosil qilish imkonini beradi. Shuningdek, bu orqali asl mahsulotni qalbakisidan farqlab, ongli va to‘g‘ri tanlov qilish osonlashadi. Qadoqda raqamli markirovkaning mavjudligi esa ishlab chiqaruvchining ishonchli, sifatli va xavfsiz mahsulot yetkazib beruvchi sifatidagi obro‘sini mustahkamlaydi. Mamlakat fuqarolari uchun esa raqamli markirovka xarid qilinayotgan tovarning qonuniy va sifatli ekanining kafolati bo‘lib xizmat qiladi.