Uzbekistan Airways Toshkent – Islomobod – Toshkent yo‘nalishida reyslarni yo‘lga qo‘ymoqda

Uzbekistan Airways Lahorga reyslar yo‘lga qo‘yilganidan so‘ng Pokistondagi yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirmoqda. 14-iyundan boshlab Toshkent – Islomobod – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha muntazam reyslar boshlanadi. Aviabiletlar allaqachon sotuvda.
Parvozlar vaqtincha to‘xtatilganidan so‘ng ikki mamlakat o‘rtasidagi havo qatnovi 2024-yilning noyabr oyida, Lahorga parvozlar tiklanishi bilan qayta tiklandi.
Bugun Pokistonga parvozlar geografiyasi kengayishda davom etmoqda. 14-iyundan boshlab Uzbekistan Airways Toshkent – Islomobod – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha muntazam parvozlarni ishga tushiradi. Yangi parvozlar O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi biznes, turizm va madaniy almashishlar uchun yanada ko‘proq imkoniyatlar yaratadi.
Parvozlar shanba kunlari quyidagi jadval bo‘yicha amalga oshiriladi (mahalliy vaqt). Bir tomonlama chipta narxi 2 253 000 so‘mdan, ikki tomonlama chipta esa 4 676 000 so‘mdan boshlanadi.
Toshkentdan soat 08:50 da uchish, Islomobodga soat 10:50 da yetib kelish;
Islomoboddan soat 11:50 da uchish, Toshkentga soat 13:50 da yetib kelish.
Shuni eslatib o‘tamizki, Toshkent – Lahor – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar chorshanba va juma kunlari mavjud. Aviabiletlarni booking.uzairways.com saytida, Uzbekistan Airways ilovasida, Uzbekistan Airways Sales filiali va aviakompaniya agentlari orqali xarid qilishingiz mumkin. Qulaylik bilan sayohat qiling va Uzbekistan Airways bilan dunyoni kashf eting.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mahalliy aviaqatnovlarga subsidiyalar ajratilishi haqida yozgan edik.