Qarashlar

Markirovka ishonch vositasi: O‘zbekistonda tovarlarni raqamli himoya qilishda kim yetakchilik qilmoqda

CRPT TURON Rivojlanish bo’yicha bosh menedjer Diyor Rasulev so‘zlab berdi
Foto: UltraONE/depositphotos.com

Tamaki fabrikalari, farmatsevtika kompaniyalari va maishiy texnika ishlab chiqaruvchilari allaqachon Data Matrix-kodlarini kiritishning yangi texnologiyalarini faol joriy etdi. 2025-yil fevral oyidan boshlab esa majburiy markirovkalash tibbiy buyumlarga ham ta’sir ko‘rsatdi. Dastlabki natijalar qanday bo‘lgani, markirovkalashda kim flagman va bozorni shaffoflashtirishda iste’molchilarning qanday rol o‘ynashi haqida CRPT TURON Rivojlanish bo’yicha bosh menedjer Diyor Rasulev so‘zlab berdi.

Farmatsevtika va tamaki — raqamlashtirishda peshqadamlardan

— Diyor, ishlab chiqaruvchi va import qiluvchilarning markirovka tizimini turli tovar guruhlari kesimida joriy etishga tayyorlik darajasini qanday baholaysiz? Ishlab chiqaruvchi kompaniyalarning eng faol munosabati qaysi segmentlarda kuzatildi?

— Majburiy markirovkalashni joriy etishdan oldin har doim sinov loyihasi o‘tkaziladi. Uning asosiy vazifasi bozordagi vaziyatni va ishlab chiqaruvchilar hamda boshqa bozor ishtirokchilarining raqamli markirovkani joriy etishga tayyorligini baholashdan iboratdir.

O‘zbekistonda raqamli markirovkalashni joriy etishda yuqori ishlab chiqarish madaniyatiga ega bo‘lgan, shuningdek, Tracebility va Track & Trace kabi tushunchalar bilan yaxshi tanish tamaki ishlab chiqaruvchilari, qalbaki va ochiqdan-ochiq soxta mahsulotlarga qarshi kurashishda katta kuch sarflayotgan dori vositalari ishlab chiqaruvchilari eng faol munosabatni bildirdi.

Dori ishlab chiqaruvchilari, ayniqsa, xorijiy ishlab chiqaruvchilar uchun raqamli markirovkalash yangilik emas: bunday tizim Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Rossiya, Turkiya va boshqa ko‘plab mamlakatlarda joriy etilib, muvaffaqiyatli ishlamoqda. Markirovkalash aholini sifatsiz va qalbaki mahsulotlardan samarali himoya qilish imkonini beradi.

Hajm va ishtirokchilar bo‘yicha yetakchilar: 2024-yil yakunlari

— 2024-yil yakunlariga ko‘ra, ishlab chiqarish va import hajmi, berilgan kodlar soni hamda ro‘yxatdan o‘tgan tovar aylanmasi ishtirokchilari soni bo‘yicha qaysi tovar guruhlari flagman hisoblanadi?

— Bugungi kunda raqamli markirovkalash oltita tovar guruhini qamrab olgan: tamaki mahsulotlari, alkogol, pivo, dori, maishiy texnika hamda suv va salqin ichimliklar.

Tovar aylanmasi ishtirokchilarining eng ko‘p soni maishiy texnikaga to‘g‘ri keladi, bu yerda 10 mingdan ortiq tadbirkorlik subyekti ro‘yxatdan o‘tgan. Markirovkalangan tovarlarni ishlab chiqarish va import qilishning eng yuqori hajmi esa dori vositalari, shuningdek, ichimliklarga to‘g‘ri keladi.

Kontrafaktga qarshi lazer

— Data Matrix kodlarini qo‘llashning aniqligi va ishonchliligini ta’minlash uchun qanday innovatsion texnologiyalar foydalanilmoqda? Mahsulotlarga markirovka kodlarini qo‘yishning yangi usullaridan muvaffaqiyatli tatbiq etilganlariga misol keltira olasizmi?

— Raqamli markirovkalash texnologiyalari (Data Matrix-kodlar) ishlab chiqaruvchi va import qiluvchilarning ehtiyojlarini inobatga olgan holda doimiy takomillashtirib borilmoqda. Hozirda markirovkalashning eng ilg‘or usullaridan biri lazerli bosma texnologiyadir. Unda Data Matrix-kodlar mahsulot qadoqlari yuzasiga lazer yordamida «kuydiriladi». Bu usul yuqori samaradorlik, kodning chidamliligi va ishonchliligini ta’minlaydi. Shu bilan birga, markirovkaning oson o‘qilishi mahsulot saqlanish muddati davomida kafolatlanadi.

Mazkur texnologiyani ilk bor tamaki ishlab chiqaruvchi korxonalar qo‘llay boshlagan bo‘lsa, bugungi kunda suv va salqin ichimliklar ishlab chiqaruvchilari ham uni faol joriy etmoqda. Amaliy tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, lazerli bosish alyuminiy idishlardagi mahsulotlar uchun juda qulay: kod bevosita alyuminiy idish qopqog‘iga «kuydiriladi».

Lazerli markirovkalash texnologiyasi EURASIA BOTTLERS zavodida ham muvaffaqiyatli joriy etildi. Bu yerda Flash Up brendi ostida tetiklashtiruvchi ichimliklar ishlab chiqariladi.

Tibbiy buyumlarning raqamli yo’li

— 2025-yil 1-fevraldan boshlab tibbiyot buyumlarini majburiy markirovkalash joriy etildi. Sizningcha, ushbu yangilik qanday o‘zgarishlarga olib keladi? Bu holat tibbiyot buyumlarini ishlab chiqarishni monitoring qilish hamda davolash muassasalariga dori yetkazib berish jarayoniga qanday ta’sir ko’rsatadi?

— Tibbiy buyumlarni markirovkalash qalbakilashtirishdan himoya qilish uchun zarur, chunki bu ularning ishlab chiqarilishi va harakatlanishini oxirgi realizatsiya yoki tibbiyot muassasalarida qo‘llanilishigacha kuzatish imkonini beradi.

Tibbiy buyumlar dori vositalari kabi ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlar bo‘lib, ularning samaradorligi va xavfsizligi nafaqat hokimiyat organlarini, balki oddiy fuqarolarni ham tashvishga soladi. Raqamli markirovkalash mahsulotlarni ishlab chiqarish, fuqarolik muomalasiga kiritish, sertifikatlash jarayonlari, sifat nazorati va mamlakat bozoriga qonuniy asosda yetkazib berishni tizimli nazorat qilish imkonini beradi.

Shuningdek, bu tizim bozordagi tovar qoldiqlari bo‘yicha holatni tahlil qilish, tibbiyot muassasalarida monitoring o‘tkazish, zarurat tug‘ilganda esa muayyan turdagi dori vositalari va tibbiy buyumlar yetkazib berish hajmini oshirishga xizmat qiladi.