
O‘zbekiston Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2025-yil aprel oyida mamlakat avtomobil bozorida sezilarli jonlanish qayd etilganini e’lon qildi.
O‘tgan ikki oy ichida pasayish kuzatilgan bo‘lsa-da, aprel oyida savdo hajmi 17 foizga oshib, 90 ming donaga yaqin avtomobil sotildi.
Yengil avtomobil segmentida ayniqsa ijobiy dinamika kuzatildi. O‘tgan oyga nisbatan 20 foizlik o‘sish bilan 77 mingdan ortiq yengil avtomobil sotilgan. Faollik bo‘yicha yetakchi hududlar Sirdaryo viloyati (+34%), Toshkent shahri (+32%) va Qoraqalpog‘iston Respublikasi (+29%) bo‘ldi.

Birlamchi bozor ham barqaror o‘sishni ko‘rsatdi – 26 ming dona avtomobil sotilgan, bu mart oyiga nisbatan 15 foizlik o‘sishni anglatadi. Mahalliy avtomobillar savdosi 20,5 ming donani tashkil etib, 4 foizga o‘sdi. Xorijiy yangi yengil avtomobillar segmentida esa savdo ikki baravarga oshib, 5,3 ming donaga yetgan.
Ikkilamchi bozorda ham jonlanish kuzatildi – foydalanilgan avtomobillar sotuvi 22 foizga ko‘payib, 52 ming donani tashkil etdi.

Biroq elektromobillar segmenti bu safar umumiy tendensiyadan chetda qoldi – martga nisbatan sotuvi 10 foizga pasaydi. Shunga qaramay, yil boshiga nisbatan elektromobillarga talab 37 foizga oshgani aytilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan uch oyda 60 mingdan ziyod Chevrolet avtomobillari sotilgani haqida xabar bergan edi.